Oʻzbekiston musulmonlari idorasi: Janoza namozlari xonadonlarda ixcham tarzda oʻtkaziladi

13:30 22 Mart 2020 Jamiyat
2511 0

Arxiv surat

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati koronavirus tufayli karantin choralari sharoitida maʼraka-marosimlar xonadonlarda ixcham tarzda oʻtkazilishini eslatib oʻtdi.

“Mamlakatimiz hududida koronavirus kasalligi keng tarqalishining oldini olish maqsadida, respublika maxsus komissiyasi yigʻilishi qabul qilgan qarorga koʻra, 23-martdan toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar singari ommaviy tadbirlar oʻtkazilishi bekor qilinadi. Ushbu marosimlarni zarur boʻlgan taqdirdagina ixcham holda, yaqinlar bilan birga 10-15 kishi ishtirokida oʻtkazish tavsiya etiladi.

Komissiyaning bunday qarorga kelishidan koʻzlagan birdan-bir maqsadi shuki, xalqimiz salomatligini saqlash, ular orasida yangi turdagi virus tarqalishining oldini olishdir. Agarda, shunday sinovli kunlarda yana-da hamjihat boʻlsak, barcha qiyinchiliklarni birgalikda yengib oʻtamiz, insha Alloh.

Shunday paytlarda oʻzimizni va yaqinlarimizning sogʻligiga befarq boʻlmay, bir-birimizni qoʻllab-quvvatlashni, karantin va gigiyena talablariga qatʼiy rioya qilishni yana bir bor iltimos qilamiz.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish boʻyicha fatvosida ham “Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida xonadonlarda oʻqilsin”, deya alohida taʼkidlangan edi.

Darhaqiqat, mayitga janoza namozini oʻqish farzi kifoya boʻlib, vafot etganning yaqinlari ishtirokida ado etilsa ham boʻladi. Moʻtabar manbalarda hadisi shariflarga tayangan holda ulugʻlarimiz qazo qilgan odamning janoza namozini tezlik bilan ado etib, dafn etishga shoshilganlari bayon etilgan.

Taʼkidlash joizki, janoza, dafn va taʼziya marosimlarini ixcham tarzda oʻtkazish barobarida epidemiya hamda karantin davridagi talablar, xususan, gigiyena qoidalari – qoʻllarni yuvish, tibbiy niqoblarni taqish va boshqalarga jiddiy amal qilish lozim boʻladi. Shuningdek, maxsus komissiya qarorida qayd etilganidek, xudoyilar ham 10-15 kishi atrofida oʻtkaziladi. Mazkur maʼraka-marosimlar xonadonlarda oʻtkazilishini yana bir bor eslatib oʻtamiz.

Avvalo bunday damlarda Alloh taolodan barchaga sihat-salomatlik soʻraymiz. Yaratganning taqdiri ila bu foniy dunyodan boqiy oxiratga rixlat qilgan insonning janoza namozi va maʼrakasini ayni kunlardagi ogʻir kasallikning pandemiyasi davrida ixcham shaklda oʻtkazish shariatimizning talabi hisoblanadi.

Hayot bor ekan, sinov bor, qiyinchilik bor. Bu haqiqatni shu kunlarda yana-da chuqur his etmoqdamiz. Bugun koronavirus infeksiyasi degan jiddiy bir xavfga duch keldik. Barcha yurtdoshlarimiz yana-da jipslashib, har tomonlama tartib-intizomni saqlagan holda, yuksak onglilik va masʼuliyat koʻrsatib, ulamolarimiz, imom-domlalarimiz, moʻysafidlarimizning duoi fotihalari ila bu sinovdan eson-omon oʻtamiz, deb ishonamiz.

Fursatdan foydalanib, vaziyatni toʻgʻri tushunib, koʻrilayotgan chora-tadbirlarni qoʻllab-quvvatlayotganlari uchun moʻmin-musulmonlarimizga yana bir bor tashakkur aytamiz.

Yaratganning izni ila tez orada bu tashvishli kunlar ortda qolsin”, deyiladi Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hayʼati bayonotida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер