Oʻzbekiston “Mastercard Tourism Innovation Hub”ga qoʻshildi
Foto: Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati
Samarqand shahrida boʻlib oʻtayotgan Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) Bosh assambleyasining 25-sessiyasi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda “Mastercard” global toʻlov tizimi rahbariyati oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish sohasida strategik hamkorlikni eʼlon qildilar va Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining “Mastercard” turizm innovatsion markaziga (“Mastercard Tourism Innovation Hub”) qoʻshilishini nazarda tutuvchi oʻzaro anglashuv memorandumini imzoladilar.
Memorandumga Ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov va Global davlat sektori rahbari, “Mastercard” kompaniyasining strategik rivojlanish boʻyicha ijrochi vitse-prezidenti Nikola Villa imzo chekdi.
“Vazirlik “Mastercard” bilan hamkorlikni iliq kutib oladi. Bu biz uchun toʻlov infratuzilmasini yaxshilash, mahalliy va xorijiy mehmonlar uchun turarjoylar tajribasini, xarajatlar va sayyohlik oqimi boʻyicha tahliliy maʼlumotlarni oʻrganish imkonini yaratadi. Shuningdek, dunyoning 200 dan ortiq mamlakat va mintaqalarida Mastercard kartalaridan foydalanayotganlar orasida Oʻzbekistonni sayyohlik yoʻnalishi sifatida targʻib qilishda keng istiqbollarni ochib beradi”, — dedi Aziz Abduhakimov.
Nikolya Vilya esa Oʻzbekiston bilan uzoq muddatli hamkorlik istiqbollari haqida gapirdi.
“Biz Oʻzbekiston bilan turizm industriyasini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli hamkorlik boshlanganini eʼlon qilishdan mamnunmiz. Oʻzbekiston nihoyatda boy meros, ajoyib madaniyat va diqqatga sazovor joylari koʻp. Bu goʻzal mamlakat ulkan salohiyatga ega va biz oʻz texnologik platformamiz, ilgʻor toʻlov yechimlari, xalqaro tajriba, maʼlumotlar tahlili boʻyicha vakolatlar va boshqa imkoniyatlarimiz yordamida Oʻzbekistonning rivojlanishiga hissa qoʻshishimizdan faxrlanamiz”, — dedi “Mastercard” vitse-prezidenti.
Taʼkidlash joizki, “Mastercard” turizm innovatsiyalari markazi Oʻzbekistondagi vazirlik va quyi tashkilotlar bilan hamkorlikda hukumat, mahalliy va xorijiy sayyohlar, turizm korxonalari uchun qoʻshma raqamli yechimlarni ishlab chiqadi. Sayohatchilar va kichik biznes uchun xavfsiz, ishonchli va qulay toʻlov infratuzilmasini rivojlantirishga koʻmaklashish, Oʻzbekistonni sayyohlik yoʻnalishi sifatida targʻib qilish tendensiyalarini kuzatish va strategiyalarni ishlab chiqish uchun tahliliy maʼlumotlarni taqdim etish, qoʻshma tadqiqotlar oʻtkazish va ilgʻor jahon tajribasini almashish ham hamkorlik yoʻnalishlariga kiradi.
Maʼlumot uchun, “Mastercard” toʻlovlar va texnologiya sohasidagi yetakchi global kompaniya boʻlib, hozirda 60 dan ortiq mamlakatda toʻlovlarni raqamlashtirish orqali iqtisodiy oʻsish va rivojlanishni ragʻbatlantirishga qaratilgan 1600 dan ortiq davlat loyihalarini boshqaradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring