Oʻzbekiston - Isroil bojxona idoralari oʻrtasida axborot almashuvi yoʻlga qoʻyiladi

15:24 27 Oktyabr 2022 Dunyo
675 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligining ''Dunyo'' axborot agentligi

Mamlakatimizda olib borilayotgan faol tashqi siyosat natijasida koʻplab davlatlar bilan oʻzaro hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi. Xususan, yurtimiz delegatsiyasining Isroilda yuqori saviyada kutib olingani ham buning yaqqol isbotidir.

Isroil bojxona boshqarmasi mamlakat soliq maʼmuriyati tarkibidagi tuzilma hisoblanib, ushbu davlatning tashqi savdo siyosatini belgilaydi. Import va eksport jarayonlarining qonuniyligini taʼminlaydi. Bunda noqonuniy xatti-harakatlarning oldini olishga alohida eʼtibor qaratishi diqqatga sazovor. Isroil hozirga qadar 13 ta mamlakat bilan erkin savdo shartnomalarini, 33 ta davlat, shu jumladan, Oʻzbekiston bilan bojxona masalalari boʻyicha hamkorlik shartnomalarini imzolagan. Isroil bojxonasida “Global Gate” hamda Yagona oyna — “Maslul” kabi ilgʻor axborot tizimlari joriy etilgan.

Xususan, Isroil bojxonasi maʼmuriy binosida Oʻzbekiston delegatsiya aʼzolari uchun ushbu mamlakat bojxona xizmati faoliyati bilan yaqindan tanishtirishga bagʻishlangan alohida seminar tashkil qilindi.

Tadbirda, shuningdek, Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi direktori Olim Narzullayev va mamlakatimiz elchisi Feruza Mahmudova ishtirok etdi.

Seminarda Isroilda bojxona tizimi ish jarayoni va oʻziga xos xususiyatlari taqdim qilindi.

Tashrif doirasida, shuningdek, Isroil bojxona xizmati bosh direktori Kfir Xen bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston bilan Isroil davlati oʻrtasidagi tovarlarning tashqi savdo aylanishi hajmida oʻsishi kuzatilmoqda. Oʻzbekistondan Isroilga koʻproq toʻqimachilik, meva-sabzavot va farmatsevtika mahsulotlari eksport qilingan.

Ikkala mamlakat oʻrtasida tashqi savdoni yanada ragʻbatlantirish bojxona idoralarining oʻzaro izchil hamkorligini taqozo etadi. Hozirgi paytda amalda boʻlgan Oʻzbekiston va Isroil oʻrtasida bojxona masalalarida oʻzaro yordam toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim bundan 24 yil muqaddam imzolangan hujjatdir. Bundan koʻrinadiki, Isroil davlati bilan hamkorlikning huquqiy asoslarini hozirgi davr talablaridan kelib chiqqan holda yanada mustahkamlashga zarurat mavjud.

Uchrashuvda mamlakatimiz delegatsiyasi tomonidan Oʻzbekiston-Isroil bojxona idoralari oʻrtasida oʻzaro onlayn axborot almashuvini yoʻlga qoʻyish, ikki tomonlama statistik maʼlumotlarni taqqoslash, bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurash hamda transchegara noqonuniy moliyaviy operatsiyalarining oldini olish boʻyicha (FATF) hamkorlik kelishuvlarini imzolash taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, xavflarni boshqarish, kiberxavfsizlik, profayling hamda kadrlar salohiyati va ularning malakasini oshirish yoʻnalishlarida hamkorlik qilish, muntazam uchrashuvlar (masofaviy) oʻtkazish, Ben-Gurion aeroportiga oʻzbek bojxonachilarini, Davlat bojxona qoʻmitasi Situatsion markaziga esa Isroil bojxonachilarining xizmat safarlarini tashkil etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Tomonlar olib borilgan muzokaralar yakunida hamkorlik toʻgʻrisida bayonnoma imzolashdi.

Qoʻmita raisi Akmalxoʻja Mavlonov Isroil bojxonasi rahbarini Oʻzbekistonga taklif qildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер