Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri Koreya Respublikasi investitsiyalarining umumiy hajmi esa 7 milliard dollardan oshdi
Foto: “Xalq soʻzi”
Joriy yilning 7 sentyabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi Bosh vazirlari oʻrinbosarlarining navbatdagi V uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev va Koreya Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Chxu Kyung Xo hamraislik qildi.
Suhbat chogʻida kun tartibidagi asosiy masalalar, jumladan, joriy qoʻshma loyihalarni amalga oshirish va ikki tomonlama koʻp qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi.
Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmlarining oʻsishida va Koreya investitsiyalarini jalb qilishda barqaror ijobiy tendensiya kuzatilayotgani qayd etildi. Xususan, 2023-yil boshidan buyon Oʻzbekistonning Koreyaga eksporti oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 15 foizga koʻpaydi, Oʻzbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi esa 7 milliard dollardan oshdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik hamkorlikni, shuningdek, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashda munosabatlarni yanada mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishga qatʼiy sodiqliklarini bildirdilar.
Moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish muhimligi alohida taʼkidlandi. Xususan, EDCF Jamgʻarmasi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan Farmatsevtika va Tibbiyot klasterlarini yaratish kabi loyihalarning bugungi holati koʻrib chiqildi. Tegishli qoʻshma “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.
Bundan tashqari, Koreyaning KOICA xalqaro hamkorlik agentligi bilan birgalikda olib borilgan ishlar samaradorligi qayd etildi. Agentlik koʻmagida Oʻzbekistonda umumiy qiymati 141 million dollarlik 33 ta loyiha amalga oshirilgan va oʻzbekistonlik mutaxassislar uchun Koreyada 2 mingdan ortiq malaka oshirish kurslari tashkil etilgan.
Tomonlar kun tartibidagi boshqa masalalarni ham muhokama qildilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring