Oʻzbekiston ipakchilik sanoatining salohiyati yana-da oshadi
Azaldan ota-bobolarimiz ipak ishlab chiqarish bilan shugʻullangan. Bu tom maʼnoda boy madaniy merosimizga ham aylanib ulgurgan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Yana bir muhim jihati, pillachilik sohasi yurtimiz qishloq xoʻjaligining muhim tarmoqlaridan biri boʻlib, iqtisodiyotni yuksaltirish, aholi farovonligini oshirishda ham katta ahamiyatga ega.
Maʼlumotlarda koʻra, dunyoda pilla yetishtirish miqdori boʻyicha mamlakatimiz Xitoy va Hindistondan keyin uchinchi oʻrinda turadi. Lekin keyingi paytda ipakchiligimiz dovrugʻi pasayib, aholi orasida ipak qurti parvarishlashga ishtiyoq ancha susaygan edi. Oqibatda pilla yetishtirish, uni chuqur qayta ishlash va eksport qilish koʻrsatkichlari keskin tushib ketdi. Yurtimizda dunyoda aholi jon boshiga pilla yetishtirish boʻyicha birinchi oʻrinda tursa ham, uning jahon bozoridagi ulushi bor yoʻgʻi 2,5 foizni tashkil etadi. Demak, respublikamizda pilla yetishtirish hajmini oshirish, shu bilan bir qatorda, undan jahon andozalariga mos keladigan tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish asosiy vazifalardan hisoblanadi. Chunki mamlakatimizda pillachilikni rivojlantirish, xomashyo ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qulay sharoit mavjud.
Sohani yana-da rivojlantirish faqat pillakorlar daromadini oshiribgina qolmay, balki pillani oʻzimizda qayta ishlab, xorijga yarim tayyor va tayyor mahsulotlar eksport qilish hajmini oshirish imkonini ham beradi. Prezidentimizning “Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” qarorining qabul qilinishi pillachilikni yana-da rivojlantirish, ipak tolasi ishlab chiqarishni koʻpaytirishda katta huquqiy baza yaratishi bilan ahamiyatli, deb oʻylayman.
Qarorga koʻra, hududlarning tabiiy-iqlim sharoitlariga mos jun yoʻnalishlaridagi mayda shoxli mollarni koʻpaytirish, ozuqa bazasini rivojlantirish, teri va junni qayta ishlash, ulardan yarim tayyor va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlash, yaylov maydonlarida tabiiy ravishda oʻsuvchi kavrak plantatsiyalari zaxiralaridan barqaror foydalanish, shuningdek, pillachilik tarmogʻi ozuqa bazasini koʻpaytirish, eksportga moʻljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish maqsad qilingan. Eng muhimi, yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanish aholi bandligini taʼminlash, tarmoqning eksport salohiyatini oshirish, jahon bozorida ipak mahsulotlarimiz assortimentini koʻpaytirish va ularning raqobatdoshligini oshirish uchun muhim qadam boʻladi.
Qarorga muvofiq, 2022-yil 1-yanvardan boshlab 2025-yil 1-yanvarga qadar har yili yetishtiriladigan pilla (hoʻl pilla) hosilining bir kilogrammi uchun 5 ming soʻm miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga respublika byudjeti hisobidan subsidiya ajratiladi. Tutzorlarni sugʻorish uchun foydalanilgan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qoʻllaniladi.
Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish davlat dasturlari doirasida ajratilgan mablagʻlar jun yoʻnalishidagi qoʻylarni, shuningdek, qoʻlda jun yigirish, ipak matolari, gilam va kigiz toʻqish uskunalarini sotib olishga ham yoʻnaltiriladi.
Koʻrinib turibdiki, pillachilarning moddiy manfaatdorligi oshiriladi, ularga har tomonlama gʻamxoʻrlik koʻrsatiladi. Pillachilik sohasini rivojlantirish borasida ijobiy qadamlar tashlanib, tarmoqda oʻnglanish, yana-da rivojlanish boʻladi, yuzlab, minglab ish oʻrinlari yaratiladi.
Haqiqatan ham mamlakatimizning ipakchilik sanoati salohiyati nihoyatda yuqori. Bor kuch va imkoniyatlarni safarbar qilsak, qanchadan-qancha ish oʻrinlari ochiladi. Yurtimizda olib borilayotgan shiddatli islohotlardan koʻzlangan maqsad ham shu — qaysi soha boʻlmasin, uni odamlar uchun muhim daromad manbaiga, iqtisodiyotimiz tayanchiga aylantirishdan iborat.
Dilrabo XOLBOYEVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat”SDP fraksiyasi aʼzosi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring