Oʻzbekiston internet tezligi reytingida pastladi
Irlandiyaning Ookla kompaniyasi internet tezligi boʻyicha avgust oyi yakunlari reytingini (Speedtest Global Index) eʼlon qildi.
Maʼlumot uchun, Speedtest.net internet servisi va Irlandiyaning Ookla kompaniyasi har oyda mazkur reytingni yangilab boradi. Unda mobil internet va simli internet tezligi boʻyicha alohida reyting tuzib chiqiladi.
Oʻzbekiston mobil internet tezligi boʻyicha 109-oʻrindan joy oldi. Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda ayni vaqtda oʻrtacha mobil internet tezligi 9,63 Mbit/s ni tashkilq qilmoqda.
Simli internet tezligi boʻyicha esa Oʻzbekiston ikki pogʻona pastladi va 116-oʻrinni egalladi. Ayni vaqtda Oʻzbekiston bu turdagi internetning oʻrtacha tezligi 7,98 Mbit/s ni tashkil qilmoqda.
Mazkur yoʻnalishda jami reytingdan 123ta davlat joy olgan boʻlib, taqqoslash uchun Markaziy Osiyo davlatlari ichida Qozogʻiston 65-oʻrinda (ikki oʻrin pastlagan, 21, 02 Mbit/s), Qirgʻiziston esa 6 oʻrin yuqorilab, 89-pogʻonada (15,39 Mbit/s) qayd qilingan. Tojikiston esa soʻnggi 123-pogʻonani (5,02 Mbit/s) band etgan boʻlsa, Turkmaniston umuman bu reytingga kiritilmagan.
Simli internet boʻyicha Markazi Osiyo davlatlari ichida Qozogʻiston 56 (28,07 Mbit/s), Qirgʻiziston esa 80-oʻrinda (17,84 Mbit/s) bormoqda.
Mobil internet tezligi reytingida yetakchi Norvegiya (63,13 Mbit/s), keyingi pogʻonalardan Qatar (63 Mbit/s), Birlashgan Arab Amirliklari (56,6 Mbit/s) joy oldi. Simli internet boʻyicha Singapur (189,38 Mbit/s), Islandiya (147,13 Mbit/s), Gongkong (139,58 Mbit/s) kuchli uchlikni tashkil qilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring