Oʻzbekiston diplomatlari Belgiyaning Kortreyk shahrida oʻtkazilgan xavfsizlik uskunalari koʻrgazmasida ishtirok etishdi
Oʻzbekistonning Belgiyadagi elchixonasi xodimlari Kortreyk shahrida tashkil etilgan politsiya, kuzatuv, xavfsizlik, favqulodda xizmatlar va tabiiy ofatlarga javob berish boʻlinmalari uchun moʻljallangan moslamalar — “INFOPOL|XPO” koʻrgazmasida ishtirok etdilar.
Ushbu koʻrgazma 1995-yildan beri muntazam tashkil etib kelinadi. U Benilyuks mamlakatlaridagi barcha xavfsizlik tizimida qaror qabul qiluvchilar va soha boʻyicha xarid menejerlari uchun politsiya, kuzatuv va xavfsizlik uskunalarining yirik xalqaro koʻrgazmasi sanaladi.
Joriy koʻrgazmada 30 ga yaqin davlatdan 100 dan ortiq ixtisoslashgan kompaniya va dillerlik tashkilotlari tomonidan transport, maxsus individual jihozlar, aloqa, tibbiy tez yordam, oʻt oʻchirish vositalari, kuzatish va yoʻl harakati nazorat qilish tizimlarining eng zamonaviy namunalari taqdim qilindi.
Oʻzbekiston diplomatlari tadbir doirasida 10 dan ortiq kompaniya vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazishdi. Ularda ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish va ularning mahsulotlarni Oʻzbekistonda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Koʻrgazma ishtirokchi qator kompaniyalar Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirib, oʻzaro aloqalarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha batafsil muzokara oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring