Oʻzbekiston-Chexiya savdo-iqtisodiy hamkorligining chegaralari kengaymoqda
2023-yilning 17-iyul kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov va Chexiya Respublikasi sanoat va savdo vaziri Yozef Sikel raisligida Oʻzbekiston va Chexiya oʻrtasidagi Iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo komissiyaning (HK) 9-yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda ikki davlatning asosiy vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari, shuningdek, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilariga qutlov soʻzi bilan murojaat qilar ekan, delegatsiyalar rahbarlari ikki mamlakat oʻrtasida oʻsib borayotgan ishonch va yuqori darajadagi doimiy muloqotni yuqori baholadilar. Chexiya hukumati rahbarining joriy yil aprel oyida Oʻzbekistonga tashrifi qayd etildi. Taʼkidlanganidek, samarali hukumatlararo aloqalar oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, investitsiyalarni jalb qilish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi soʻnggi bir necha yil ichida ikki baravar oshdi. Oʻzbekiston va Chexiya ishbilarmon doiralarining uzoq muddatli va oʻzaro manfaatli shartnoma va bitimlar tuzishga qiziqishi kuzatilmoqda.
Yigʻilishda konchilik, elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi, gidroenergetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, bank sohasida oʻzaro manfaatli investitsiya loyihalarini amalga oshirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Tomonlar mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning barcha yoʻnalishlari boʻyicha oʻzaro munosabatlarni oshirishga toʻliq tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Hukumatlararo komissiya yigʻilishi doirasida, shuningdek, delegatsiyalar rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Unda Laziz Kudratov va Yozef Sikel qator sohalarda hamkorlikni rivojlantirish salohiyatidan toʻliq foydalanishning amaliy jihatlarini muhokama qildi. Konstruktiv fikr almashish hamkorlikni faollashtirishning bir qator istiqbolli tarmoqlarini aniqlash, erishilgan kelishuvlarni monitoring qilish va nazorat qilishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish imkonini berdi.
Yigʻilish yakunlari boʻyicha HK yigʻilishining Yakuniy bayonnomasi, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qoʻshma “Yoʻl xaritasi” imzolandi, unda yangi oʻzaro manfaatli loyihalar va ilgʻor tashabbuslar oʻz aksini topdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring