Oʻzbekiston-BMT hamkorligining yangi bosqichi
Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva va BMTning Oʻzbekistondagi loyihalari doimiy koordinatori Helena Freyzer oʻrtasida onlayn videomuloqot shaklida suhbat boʻlib oʻtdi.
Videomuloqot avvalida H.Freyzer davlatimiz rahbari tomonidan koronovirus pandemiyasi tahdidlariga qarshi kurashishga qaratilgan qatʼiy va samarali choralarni yuqori baholadi.
“Vaziyat kundan-kunga yaxshilanayotganidan va tuzalayotganlar soni tobora ortib borayotganidan xursandman. Bu, albatta, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ulkan xizmatlarining amaliy natijasidir”, dedi u.
Suhbat chogʻida 2030-yilgacha boʻlgan davrda Oʻzbekiston Respublikasining Barqaror rivojlanish milliy maqsadlari bajarilishini monitoring qilish boʻyicha Parlament komissiyasining birinchi yigʻilishi tashkiliy masalalari koʻrib chiqildi. Xususan, mazkur yigʻilish kun tartibiga tomonlar “Mamlakatda koronavirus pandemiyasini yumshatish boʻyicha hamkorlik va Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga taʼsiri toʻgʻrisida”gi mavzusi kiritilishi yuzasidan takliflar bayon etildi.
Shu bilan birga, BMTning 75 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasida tadbirlar oʻtkazilishi muhokama qilindi. Qayd etilganidek, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning tashabbusi bilan “Menga oʻz soʻzingizni ayting” shiori ostida oddiy aholi bilan global muloqotni oʻtkazish taklif etilgan.

Uchrashuv davomida X.Freyzer mamlakatda gender tengligi boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni alohida eʼtirof etib, Oʻzbekiston-BMT doirasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash bilan bogʻliq muammolarni hal qilishda har tomonlama yordam berishga tayyor ekanligini bildirdi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring