​Oʻzbek sporti afsonasi – Gennadiy Krasnitskiy

22:26 17 Aprel 2020 Sport
2080 0

​"Paxtakor" futbol klubi tarixida oʻchmas iz qoldirgan, Oʻzbekistonning XX asrdagi eng yaxshi futbolchisi Gennadiy Krasnitskiy faoliyatiga nazar solib oʻtamiz.

GENNADIY KRASNITSKIY

Toʻliq ismi: Gennadiy Aleksandrovich Krasnitskiy
Tugʻilgan sanasi va joyi: 27.08.1940, Toshkent
Vafot etgan sanasi va joyi: 12.06.1988, Qoʻrgʻontepa, Tojikiston
Ampluasi: hujumchi
Faoliyati: “Paxtakor” 1958-1970 (400dan ortiq uchrashuv, 200dan ortiq gol)
SSSR terma jamoasida: 3 oʻyin oʻtkazib, 1 gol muallifi boʻlgan.
Murabbiylik faoliyati: 1970 “Traktor”, 1971 “Paxtakor”, 1972 “Yangiyer”, 1973 “Traktor”, 1974-76 “Paxtakor”, 1977 “Yangiyer”, 1983-85 “Zvezda” (Jizzax).
1986-87 yillarda: Respublika kasaba uyushmalari qoʻmitasida futbol boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan.
Grigoriy Fedotov toʻpurarlar klubi aʼzosi (113 gol bilan). “Shuhrat” medali sohibi (2006-yil).
“Paxtakor”da 322 uchrashuvda 142 gol urishga erishgan.

Oʻzbek futboli tarixida Gennadiy Krasnitskiyning ismi muhim oʻrin tutadi. Chunki u birinchi boʻlib Grigoriy Fedotov nomidagi toʻpurarlar klubiga aʼzo boʻlishni uddalagan, Oʻzbekistonning XX asrdagi eng yaxshi futbolchisi deb topilgan. “Pishevik” stadionida millionlar oʻyini bilan shugʻullanishni boshlagan Genadagi iqtidorni uning birinchi murabbiyi Gennadiy Yermakov oʻz vaqtida payqagan. Aynan Yermakov musobaqa tashkil qilib, iqtidorli bolalarni tanlab olgan paytda ularning qatorida Gena ham bor edi. 1956-yilda Krasnitskiy Oʻzbekiston oʻsmirlar terma jamoasi safida “Paxtakor” Markaziy stadionida maydonga tushgandi. Ungacha esa oʻsmirlar tarkibida bir necha musobaqalarda gʻalaba qozongan. 1958-yil 18 yoshga toʻlgan oʻyinchini mamlakatning bosh jamoasi hisoblangan “Paxtakor”ga qabul qilishadi. Oʻzining birinchi uchrashuvidayoq Gena buyuk isteʼdod egasi ekanligini namoyish qiladi. Oʻsha kuni birinchi ligada Nijniy Tagilning “Metallurg” klubiga qarshi uchrashuvda Krasnitskiy 79-daqiqada hisobni 2:0ga yetkazdi. Birinchi mavsumda hujumchi 12 bor raqiblar darvozasini ishgʻol qildi.

Keyingi mavsumlarni ham u ajoyib tarzda oʻtkazdi. 1959-yil 12ta gol urgan Gena jamoasining oliy ligaga yoʻllanma olishiga oʻz hissasini qoʻshdi. 1960-yil ilk marta oliy ligada oʻynagan iqtidor egasi oʻzini yoʻqotib qoʻymadi va birin-ketin tajribali sanalgan himoyachilarni ortda qoldirdi. Mavsumni 19 bor toʻp kiritgan holda yakunlagan Krasnitskiy koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. 1961-yilda dastlabki yetti uchrashuvdan keyin uning hisobida olti gol bor edi. Bu narsa terma jamoa murabbiylari diqqatini ham oʻziga jalb qildi va Krasnitskiy navbatdagi yigʻinga taklif etildi. Debyutini u Varshavada Polsha termasiga qarshi kechgan oʻyinda nishonladi. Oʻsha paytlarda polshaliklar nafaqat Yevropaning, balki jahonning yetakchi jamoalaridan biri sifatida eʼtirof etilishardi. Bahs 1:0 hisobida mezbonlarning gʻalabasi bilan yakunlandi. Mazkur bellashuvda hamyurtimiz keyinchalik butun jahonga mashhur murabbiyga aylangan Valeriy Lobanovskiyning oʻrniga maydonga tushgan. Umuman olganda, millatchilikka yoʻl qoʻyilmagan taqdirda Gena terma jamoa bilan koʻproq uchrashuvlarda ishtirok etishi ham mumkin edi. Lekin u vaqtda terma jamoada asosan rus va ukrain oʻyinchilar toʻp tepishardi. Qolgan millat futbolchilari har qancha ajoyib oʻyin koʻrsatishmasin, faqat oʻrtoqlik oʻyinlari yoki yigʻinlarga taklif qilinardi. Yevropa va jahon chempionatining final bahslariga murabbiylar oʻz “qadrdon”larini taklif etishgan. Ikkinchi oʻyinini Krasniskiy 1965-yil Avstriya termasi bilan Moskvadagi uchrashuvda oʻtkazgan. Oʻsha kuni Igor Netto terma jamoadagi faoliyatiga yakun yasagan. 1966-yil Yugoslaviya bilan Belgradda oʻtgan bellashuvda Gena terma jamoa uchun birinchi va oxirgi golini urgan. Oʻshanda Angliyadagi jahon chempionatida toʻrtinchi oʻrinni egallagan terma jamoa mundialdan keyingi ilk bahsida maydonga tushgandi.

Bu orada uning klubdagi faoliyati ancha yaxshi davom etdi. 1961-yil 20 toʻp kiritib yana bir ajoyib koʻrsatkichni qayd etdi. Oʻsha mavsumda u 24 uchrashuvda maydonga tushgandi. Shu koʻyi Krasnitskiy faoliyatining oxirigacha “Paxtakor” uchun oʻynashda davom etdi. 1971-yilda esa faoliyatini tugatishga qaror qildi. Shu yillar ichida Janubiy Amerikaga uyushtirilgan turneda qahramonliklar koʻrsatdi (jarimadan ajoyib gollar urib, darvoza toʻrini teshib yuborib), Grigoriy Fedotov nomidagi toʻpurarlar klubiga aʼzo boʻlgan birinchi “paxtakorchi”ga aylandi. Unga koʻp marta tazyiq oʻtkazishga urinishgan, sport ustasi unvonini yarim yildan keyin bekor qilishgan, turli gap-soʻzlarni tarqatishgan.

Diyego Maradona oʻzining futbolni tanlashiga sabab sifatida aynan Krasnitskiyning uzoq masofadan darvoza toʻrini teshib yuborgan golini tilga olgan. Genaga havas qilgan argentinalik bolakay oxir-oqibat yulduzga aylandi. Bu faktni koʻpchilik hozirgacha bilmagan boʻlishi mumkin. Maradona oʻsha gol haqida yozilgan maqolani oʻz arxivida saqlab qoʻygan.

Krasnitskiy futbol, Toshkent va “Paxtakor”ni sevgan. Oʻzi tugʻilib oʻsgan yurt futbolining rivojlanishi uchun bor kuchini bergan. Matbuot tomonidan unga uyushtirilgan hujumlar sababi nimada boʻlgan? Ehtimol, Moskva yoki Kiyevning “Dinamo”si yoki SSKAning taklifini qabul qilmagani uchundir. Boshqa futbolchilar yuqoridagi klublardan taklif boʻlishini kutib yashashardi va birinchi imkoniyatdayoq oʻylab oʻtirmasdan chetga ravona boʻlishardi. Gena boʻlsa bir necha marta taklif olganiga qaramay, faoliyatining oxirigacha “Paxtakor”ga, Oʻzbekistonga sodiq qolgan. Oxir-oqibat uni tan olishdi. Shunday hollar yuz berganki, boshqa mamlakatlardan muxlislar aynan Krasnitskiyning oʻyinini koʻrish uchun Toshkentga kelib ketishgan!

Futbolchilik faoliyatini tugatgach, u “Traktor”, “Paxtakor”, “Yangiyer” hamda “Zvezda” jamoalarida murabbiy sifatida ishlagan. Umrining oxirgi yillarida esa nazoratchi sifatida xizmat qilgan. 1988-yilning 12-iyun kuni u Tojikistonda navbatdagi uchrashuvda oʻz vazifasini bajargan. Oʻyin yakuniga yetgach, kutilmaganda Krasnitskiy oʻzini uchinchi qavatdan yerga tashlab yuborgan va hayotdan koʻz yumgan.

Juda kuchli zarbaga ega boʻlgan Genaning bu qobiliyati koʻplab raqiblarga qiyinchilik tugʻdirgan. Uning zarbasidan soʻng noqulay ahvolga tushib qolish darvozabonlar uchun oddiy holatga aylangan.

Gena jarima zarbalarini uzoqdan yugurib kelib tepardi. Uning shu harakatining oʻzidayoq raqiblar talvasaga tushishardi. Shuningdek, 185 sm boʻy, 90 kg vazn va 39-oʻlchamli butsida berilgan zarbadan keyin toʻp fantastik kuch bilan uchardi. Ha, Krasnitskiy shunday iqtidor sohibi edi.

Bugungi kunda Krasnitskiyning nomi Oʻzbekiston futbol tarixiga yozib borilmoqda. U XX asrning eng yaxshi futbolchisi deb topildi, har yili turli xotira turnirlari oʻtkazib kelinadi. Taniqli futbol jurnalisti Vladimir Safarovning Krasnitskiyning hayotiga bagʻishlangan kitobi nashrdan chiqqan. OʻFF ijroiya qoʻmitasi esa “Gennadiy Krasnitskiy nomidagi toʻpurarlar klubi”ni tashkil etishga qaror qildi va faoliyatida 100 gol urgan futbolchilarga klub aʼzoligini bildiruvchi mukofot topshirib kelinmoqda. Bu faktlar ushbu afsonaning xotirasi hozirgi va keyingi avlod tomonidan ham yodga olinishini koʻrsatadi.

Jismoniy tarbiya va sport vazirligi
Matbuot xizmat

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер