Oʻzbek qovunining dovrugʻi dunyoga yoyilmoqda
Oʻzbekiston Respublikasining Benilyuks mamlakatlaridagi elchixonasi koʻmagida Fargʻona viloyatidan mahalliy eksportyor “Top Cherry” masʼuliyati cheklangan jamiyat tomonidan yetishtirilgan oʻzbek qovuni Niderlandiyaga yetkazib berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Niderlandiyaning Win and Win kompaniyasi bilan imzolangan shartnomaga muvofiq, 20 tonna poliz ekinining birinchi joʻnatmasi 31-avgust kuni Di Liyera shahri omboriga yetkazib berildi. Kelajakda qovunlar Rotterdam shahri va uning atrofidagi doʻkonlarga ham yetkazilishi rejalashtirilgan.
Import qiluvchi kompaniya rahbari Mehmet Masmasaning taʼkidlashicha, Niderlandiya bozori Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlari uchun istiqbollidir. “Lolalar mamlakati” yangi uzilgan va quritilgan mevalarni, ayniqsa, qora va xilma-xil rangdagi mayiz, shuningdek, yongʻoqlarni import qilishdan manfaatdor.
Niderlandiya bozorini oʻrganish jarayonida poliz ekinlari, ayniqsa shirinligi tilni yoradigan oʻzbek qovunlarini sotib olishga boʻlgan qiziqish yuqoriligi maʼlum boʻldi.
Niderlandiyalik importyor oʻzbek mahsulotlarining yuqori sifatini qayd etar ekan, ularning qadoqlash, sertifikatlash va saralashda Yevropa standartlariga mosligini qayd etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring