Ozarbayjonda yana 2 haftaga karantin kuchaytirildi

09:57 21 Iyun 2020 Dunyo
1093 0

Mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni koʻpayayotgani sababli hukumat 21-iyundan 5-iyulgacha poytaxt Boku, Ganja, Sumgait, Lenkoran, Yevlax, Masalli, Jalilobod kabi yirik shaharlar va Bokuga yondosh Apsheron tumanida karantin sharoitlari qatʼiylashtiriladi. Bu hududlarning barchasi koʻp sonda kasallanganlar qayd qilingan birinchi klasterga kiradi.

Hukumat qaroriga koʻra, bu vaqt davomida doʻkonlar va dorixonalardan tashqari, yirik savdo markazlari yana yopiladi. Muzeylar va koʻrgazma zallari, sartaroshxonalar va goʻzallik salonlari ishlashdan toʻxtaydi. Shu bilan birga, veterinar klinikalar, hayotni taʼminlash xizmatlari, jamoat transport, jumladan, metro ishlashda davom etadi.

Davlat korxonalari va byudjet tashkilotlari hamda karantin vaqtida faoliyatini davom ettirishga ruxsat berilgan sohalarda ishlovchi xususiy kompaniyalar xodimlarining bir qismi masofadan ishlashga oʻtkaziladi.

Boshqa fuqarolarga 5-apreldan 18-maygacha amal qilgan, uyni tark etish uchun SMS ruxsat olish tizimi yana joriy qilinadi. Fuqarolar yashash joylarini faqat uch holatdagina tark etishlari mumkin boʻladi: tibbiy maʼlumotnoma olish uchun; oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmon xarid qilish, pochta yoki bankka borish hamda sayr qilish uchun; yaqin qarindoshlari dafn marosimida ishtirok etish uchun.

Karantinga rioya qilinishini nazorat qilish ichki ishlar vazirligiga yuklangan.

Eslatib oʻtamiz, Ozarbayjonda 24-martdan alohida karantin rejimi kiritilgan boʻlib, u 18-iyunda 1-avgustga qadar uzaytirildi. Bu qaror mamlakatda cheklovlar yumshatilishi sababli epidemiologik vaziyat yomonlashgani tufayli qabul qilingan. 

Ozarbayjonda 19-iyunda yangi kasallanish holatlari 400tadan oshib, 20-iyunda esa pandemiya davomidagi eng koʻp kunlik kasallanish holati qayd qilinib, 471 tani tashkil qilgan.

Oxirgi maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda koronavirusga chalinganlar soni 12 mingdan koʻproqni, undan vafot etganlar soni 148 nafarni, sogʻayganlar esa 6516 nafarni tashkil qilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер