Ozarbayjon Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

15:18 22 Noyabr 2023 Jamiyat
367 0

IHTga aʼzo davlatlar Mehnat vazirlarining 5-Konferensiyasi doirasida Behzod Musayev Ozarbayjon Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Sahil Babayev bilan muzokaralar olib bordi.

Uchrashuvda joriy yilning 20-oktyabrda Toshkentda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati hamda ikki mamlakat vazirliklari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlikni kengaytirish boʻyicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. 

“Mehnat vazirlarining 5-konferensiyasini oʻtkazish va bunda IHTga aʼzo 40 dan ortiq davlat va xalqaro tashkilotlar ishtirok etishi rejalashtirilgani haqida rahbariyatga axborot berganimda, Prezidentimiz mazkur anjumanda ikki qardosh davlat – Turkiya va Oʻzbekistonning ishtiroki juda muhim ekanini alohida taʼkidladi”, – dedi Sahil Babayev.

Shuningdek, Ozarbayjon mehnat vaziri joriy yilning oktyabr oyida Oʻzbekistonga tashrifi yuqori saviyada tashkil etilgani haqida toʻxtalib, ushbu safar davomida Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga borgani hamda ishsiz aholini kasbga oʻqitishni tashkil etish boʻyicha Oʻzbekistonda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

“Ishsiz aholini kasbga oʻqitishni tashkil etish boʻyicha amalga oshirayotgan chora-tadbirlaringiz koʻlami, monomarkazlarda yaratilgan shart-sharoitlar, bandlikni taʼminlash boʻyicha tizimli xizmat koʻrsatish menda katta taassurot qoldirdi. Biz ushbu tajribani Qorabogʻda kasb-hunarga oʻqitish markazini qurish va ishga tushirish jarayonida qoʻllashni istaymiz, uning konsepsiyasi yaqinda ishlab chiqilgan”, deya taʼkidladi Ozarbayjon mehnat vaziri.

Uchrashuv yakunida  mehnat munosabatlarini tartibga solish, shaffoflikni taʼminlash orqali tekshirishlarni tashkil qilish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini monitoring qilishning innovatsion usullarini joriy etish borasida ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar aniq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish boʻyicha “Qoʻshma yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib oldilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер