OTMga oʻqishga kiritish bilan bogʻliq noqonuniy holatlarga chek qoʻyildi

15:55 02 Yanvar 2024 Jamiyat
856 0

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD hududiy boshqarmasi va viloyat IIB bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Andijon shahrida yashovchi, 1996-y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, uni Andijon davlat tibbiyot institutiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 19 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Tezkor surishtiruv harakatlari davomida, mazkur fuqaro ushbu pul mablagʻidan 16 ming AQSH dollarini Andijon davlat tibbiyot institutida dekan oʻrinbosari lavozimida ishlovchi shaxsga berishi kerakligi maʼlum boʻlib, soʻralgan pulni olgan vaqtida u ham ushlandi.
Shuningdek, mazkur noqonuniy ishga aloqador boʻlgan ushbu oliy oʻquv yurtining oʻqituvchisi ham ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan IJQKD hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Yuqorichirchiq tumanida yashovchi shaxs 2 nafar fuqaroni Chirchiq davlat pedagogika universitetining boshlangʻich taʼlim yoʻnalishiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 12,5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Buxoro viloyati boʻyicha boshqarmasi va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Buxoro davlat pedagogika instituti xodimi 2 nafar fuqaroni mazkur oliy oʻquv yurtining harbiy taʼlim fakultetiga oʻqishga kirish uchun boʻladigan imtihonlardan oʻtkazib qoʻyish evaziga 5 ming AQSH dollari talab qilib, oldindan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi va IJQKD hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Guliston tumanida yashovchi, 1991-y.t., muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan shaxs Fargʻona viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaroni Guliston davlat universitetining jismoniy tarbiya yoʻnalishiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 4 ming AQSH dollari talab qilib, 3900 AQSH dollari va 1 mln. 150 ming soʻm olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida yashovchi, 1995-yilda Xorazm viloyatida tugʻilgan shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, uning oʻgʻlini Qozogʻiston Respublikasidagi universitetning 2-bosqichini tamomlaganligi toʻgʻrisidagi hujjatlarni rasmiylashtirib, mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalaridan birining 3-bosqichiga oʻqishga kiritib qoʻyish evaziga 1600 AQSH dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmasi va shahar IIBB xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер