Oʻtgan yilda ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida qanday murakkab amaliyotlar yoʻlga qoʻyildi?

18:25 04 Mart 2023 Jamiyat
766 0

Bugun zamonaviy tibbiyot innovatsion yondashuvlarga asoslangan. Soha olimlari qator xavfli kasalliklarga davo topish barobarida, qanday qilib kam invaziv yoʻl bilan, qisqa muddatda va asoratsiz bemorlarni oyoqqa turgʻazish ustida izlanishlar olib bormoqda.

Shu tariqa yangi diagnostika va muolaja usullari yaratilib, amaliyotda qoʻllanilyapti. Yurtimiz tibbiyot muassasalarida ham bu borada erishilgan yutuqlar salmogʻi katta.

Xususan, oʻtgan yili respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jami 250 turdagi, viloyat darajasida 200 turdagi, tumanlar miqyosida esa 104 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy etildi.

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan 350 ta (50 tasi hududlarda) buyrak hamda 27 ta jigar transplantatsiyasi operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi.

Kardiologiya yoʻnalishi boʻyicha hududlarda yoʻlga qoʻyilgan yuqori texnologik jarrohlik muolajalari turi 15 tadan 35 tagacha oshirildi. Koronarografiya amaliyotlari 3,8 barobar, stentlash 4,3 barobar, kardioxirurgik operatsiyalar hajmi 8,3 barobar koʻpaydi.

Yurtimizning barcha hududlarida yurak nuqsonlarini endovaskulyar yoʻl bilan berkitish, periferik tomirlarda endovaskulyar, kam invaziv jarrohligi amaliyotlarini bajarish oʻzlashtirildi.

Xorazm, Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlarida 40 turdan ortiq yuqori texnologik murakkab muolajalar yoʻlga qoʻyildi. Natijada ushbu hududlardan poytaxtga bemorlar murojaatlari soni 50 foizga kamaydi.

Ikkita hududda ilk bor transkateter orqali aorta qopqogʻini oʻrnatish, onkologik kasalliklarda esa arteriyaning kimyoviy embolizatsiyasi, aorta anevrizmasiga stent-graft oʻrnatish amaliyotlari oʻtkazildi.

Bunday saʼy-harakatlar natijasida mamlakatimizda yurak-qon tomir kasalliklaridan oʻlim koʻrsatkichi 2021-yildagi 61,7 foizdan oʻtgan yil yakuni boʻyicha 56,2 foizgacha kamaydi.

Bundan tashqari, 2022-yildan ilk bor tugʻma yurak nuqsoni boʻlgan bolalarga davlat byudjetidan okklyuderlar xarid qilinishi boshlandi.

Natijada Fargʻonada 11 nafar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Surxondaryo viloyatida 9 nafardan, Namanganda 6 nafar, Xorazm va Buxoroda 5 nafardan bemor oʻgʻil-qizlarga kardio-endovaskulyar jarrohlik yoʻli bilan shunday moslamalar oʻrnatildi.

Bolalar milliy tibbiyot markazida esa ogʻir asoratlari boʻlgan tugʻma yurak nuqsoni mavjud 170 nafar bolaga okklyuderlar qoʻyildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan barcha hududlarda tizza va yelka boʻgʻimida artroskopik, umurtqa xirurgiyasida endoskopik, chanoq-son boʻgʻimi tugʻma chiqishida endoprotezlash, tumanlarda esa uzun naysimon suyaklar sinishlarida zamonaviy osteosintez amaliyotlari ilk bor bajarildi.

Onkologiya yoʻnalishida hududlarda ilk bor radioterapiya, braxiterapiya, immunogistoximiya diagnostikasi, kam invaziv endoxirurgik va bolalar suyak oʻsmalarida endoprotezlash operatsiyalari amalga oshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер