Oʻtgan yilda chet elda ota-ona qaramogʻisiz qolib ketgan 43 nafar bola Oʻzbekistonga qaytarib olib kelindi

13:26 07 Mart 2023 Jamiyat
849 0

Bu haqda AOKAda oʻtkazilgan brifingda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili axborot xizmati rahbari Fotima Madrahimova maʼlum qildi.

2022-yil maboynida Bola huquqlari boʻyicha vakil nomiga bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi jismoniy va yuridik shaxslari, bolalar hamda ular qonuniy vakillari tomonidan jami 696 ta murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlar boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Murojaatlar Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan toʻliq nazoratga olingan. 374 ta murojaat tegishli tartibda koʻrib chiqilgan. Jumladan:

- 64 ta murojaatlar qanoatlantirilgan;

- 310 ta murojaatlar yuzasidan huquqiy tushuntirish berilgan.

Aliment olish huquqiga doir 29 ta murojaatni oʻrganish davomida 2022-yil davomida Bosh prokuratura tomonidan 71 nafar tarbiyalanuvchilarga ota-onalaridan 389,3 mln. soʻm aliment undirib berilishi taʼminlangan.

Shuningdek, murojaatlar ichida jamovaiy murojaatlar ham koʻp uchramoqda. Jumladan Respublika boʻyicha 500 ga yaqin ogʻir irsiy kasallik fenilketonuriya bilan ogʻrigan bolalarning ota-onalari nomidan murojaat kelib tushgan. Murojaatda taʼkidlanganidek, ularning farzandlari uchun moʻljallangan maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetishmay qolayotgani farzandlarining salomatligi va hayotiga xavf tugʻdirgan.

Ota-onalar nomidan arizada keltirilgan vajlarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri va Bosh prokuratura, masʼul vazirliklar hamda idoralarga xat bilan murojaat qilinib, fenilketonuriya bilan ogʻrigan bolalarga maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetkazib berildi va kelgusida maxsus tibbiy oziq-ovqatlar yetkazib berilishida vujudga kelishi mumkin boʻlgan holatlarni bartaraf qilish borasidagi ishlar davom ettirilmoqda.

Respublikamiz hududidagi yopiq, shaxslar oʻz ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarda bola huquqlarini taʼminlash yuzasidan 20 ta muassasalarga monitoring tashriflari oʻtkazildi. Monitoringlar 6 ta hududda Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Fargʻona, viloyatlarida va Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtqazildi. Monitoringlar davomida 100 ga yaqin fuqarolar bilan uchrashildi. 50 ga yaqin fuqarolar bilan yakka tartibda suhbatlashildi.

Fargʻona viloyati, Oltiariq tumanidagi 22-, 39-sonli va Margʻilon shahridagi 16-, 24-sonli Davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlaridagi tarbiyalanuvchilarining ovqatdan kasallanganligi holatini Bola huquqlari boʻyicha vakil joyiga chiqib oʻrgandi. Holat yuzasidan tayyorlangan maʼlumot Bosh prokuraturaga kiritildi.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Fargʻona viloyati prokuraturasi maʼlumotiga koʻra, maktabgacha taʼlim tashkilotlarida sogʻlom ovqatlantirish borasida oʻtkazilgan tekshirishlar natijasida 277 nafar shaxs maʼmuriy, 124 nafar shaxs intizomiy va 23 nafar shaxs moddiy javobgarlikka tortilib, yetkazilgan 124 mln. soʻm miqdoridagi zarar ixtiyoriy qoplangan.

Bolalar ombudsmani bola huquqlarini taʼminlash borasida idoralararo ishchi guruhlari tarkibida ham faoliyat yuritmoqda. Hisobot yilida umumtaʼlim muassasalarida bolalar oʻrtasida tazyiq va zoʻravonlikka qarshi (bulling) kurashish, Misr Arab Respublikasiga diniy taʼlim olish maqsadida chiqib ketgan bolalarni vatanga qaytarish, ularni uzluksiz va izchil taʼlim olishini taʼminlash hamda bolalar tilanchiligini oldini olish boʻyicha «Yoʻl xarita»lari ishlab chiqildi va ishlar davom ettirilmoqda;

«2023-2030-yillarda Oʻzbekistonda bolalarga gʻamxoʻrlik qilish tizimini noinstitutsionallashtirish strategiyasi» loyihasi ishlab chiqildi.

Bolalar institutlashgan muassasalarini bosqichma-bosqich yopish, shu bilan birga, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish hajmi ham shunga mos ravishda oʻsib borishi kerakli masalasi Strategiyasining asosiy maqsadlari sifatida belgilangan.

2021-2022-yillarda jami ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarga moʻljallangan 21 ta bolalar muassasasi faoliyati tugatildi.

Respublika boʻyicha jami 139 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan boʻlib, ularda 822 nafar bolalar tarbiyalanmoqda.

Oʻzbekistonning bolalar va ayollarni nizoli hududlardan olib kelish va ularni jamiyatga moslashtirish boʻyicha tajribasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilmoqda. Ushbu tajribani oʻrganish maqsadida mamlakatimizga Qirgʻiziston, Turmaniston, Maldiv Respublikalarining delegatsiyalari tashrif buyurdi.

Yil davomida Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston Respublikasi Bola huquqlari boʻyicha vakillari tomonidan 15 ta murojaat qabul qilinib, barchasi ijobiy hal etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 22-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi.

Bola huquqlari boʻyicha vakil tomonidan chet elda ota-ona qaramogʻisiz qolib ketgan, bolalarni yurtimizga qaytarishda Ichki ishlar vazirligi bilan keng hamkorlik qilinmoqda. 2022-yil davomida Rossiya Federatsiyasidan jami 37 nafar voyaga yetmaganlar, Qozogʻiston Respublikasidan 4 nafar voyaga yetmaganlar, Turkiya davlatidan 2 nafar voyaga yetmaganlar jami 43 nafar bola Oʻzbekistonga qaytarib olib kelindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер