“Oskar-2020”: ilk marta ingliz tilida boʻlmagan film eng yaxshi deb topildi

12:49 10 Fevral 2020 Dunyo
3124 0

AQSHning Los-Anjeles shahridagi “Dolbi” teatrida 92-“Oskar” mukofotlarini topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda tashkilot rasmiy saytida maʼlum qilingan.

Bu safargi taqdimotda tarixiy voqea sodir boʻldi. Eng yaxshi xorijiy film boʻlishga asosiy daʼvogar boʻlgan Janubiy Koreyaning “Parazitlar” filmi nafaqat ushbu yoʻnalishda, balki yilning eng yaxshi film nominatsiyasida ham gʻolib chiqdi. Shu tariqa, tarixda ilk bor ingliz tilida boʻlmagan film bosh mukofotga loyiq koʻrildi.

Bu film taqdimotda eng koʻp mukofot oldi — eng yaxshi rejissyorlik ishi va eng original ssenariy nominatsiyalaridagi mukofotlarni ham ushbu film rejissyori Pon Jun-xo qabul qilib oldi.

Yilning eng yaxshi aktyori esa kutilganidek “Joker” filmi yulduzi Xoakin Feniks boʻldi. “Judi” filmidagi ijrosi uchun Rene Zellveger eng yaxshi aktrisa deb tan olindi.

Bundan tashqari, Lora Dyorn “Nikoh tarixi” filmidagi ijrosi uchun eng yaxshi ikkinchi plandagi aktrisa sifatida “Oskar” oldi, Bred Pitt “Kunlarning birida... Hollivudda” filmidagi ishtiroki uchun Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor sifatida taqdirlandi.

Bu Pitt uchun aktyor sifatidagi ilk “Oskar” boʻldi, Pon Jun-xo, Dyorn va Feniks ham ilk marta ushbu mukofotga ega chiqishdi.

Statuetkani eng koʻp qoʻlga kiritish boʻyicha “Parazitlar”dan keyingi eng yaxshi natijani “1917” filmi qayd etdi — uch yoʻnalishda mukofot.

“Parazitlar” — Kannda ham, “Oskar”da ham bosh mukofotni qoʻlga kiritgan tarixdagi toʻrtinchi film boʻldi.

  • Gʻoliblarning toʻliq roʻyxati:
  • Eng yaxshi film — “Parazitlar”
  • Eng yaxshi rejissyor — Pon Jun-xo (“Parazitlar”)
  • Eng yaxshi aktyor — Xoakin Feniks (“Joker”)
  • Eng yaxshi aktrisa — Rene Zellveger (“Judi”)
  • Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktrisa — Lora Dyorn (“Nikoh tarixi”)
  • Ikkinchi plandagi eng yaxshi aktyor — Bred Pitt (“Kunlarning birida ... Hollivudda”)
  • Eng yaxshi original ssenariy — Pon Jun Xo (“Parazitlar”)
  • Eng yaxshi adaptatsiya qilingan ssenariy — Tayka Vaytiti (“Quyoncha Jojo”)
  • Eng yaxshi hujjatli film — “Amerika fabrikasi”
  • Eng yaxshi liboslar — “Kichik ayollar”
  • Eng yaxshi postanovkachi rassom ishi — “Kunlarning birida... Hollivudda”
  • Eng yaxshi grim — “Mojaro”, (Bombshell)
  • Eng yaxshi montaj — “Ford Ferrariga qarshi”
  • Eng yaxshi ovoz montaji — “Ford Ferrariga qarshi”
  • Eng yaxshi ovoz — “1917”
  • Eng yaxshi operatorlik ishi — Rojer Dikins, (“1917”)
  • Eng yaxshi vizual effektlar — “1917”
  • Eng yaxshi qisqa metrajli animatsion film — “Sochga muhabbat” (Hair Love);
  • Eng yaxshi qisqa metrajli hujjatli film — “Urushda skeytbordda uchishni oʻrgan (agar qizaloq boʻlsang)”
  • Xorij tilidagi eng yaxshi film — “Parazitlar”;
  • Eng yaxshi qoʻshiq — “Roketmen”, (Iʻm Gonna) Love Me Again)
  • Eng yaxshi original saundtrek — “Joker”
  • Eng yaxshi qisqa metrajli film — “Qoʻshni deraza” (The Neighborsʼ Window)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер