Oʻsimliklar karantini deganda nimani tushunish kerak?
“Karantin” soʻzi lotinchadan tarjima qilinganida “Chilla” degan maʼnoni anglatishini yaxshi bilamiz. Shunday boʻlgani holda “Oʻsimliklar karantini” deganda nimani tushunish kerak? Andijon viloyati Oʻsimliklar karantini hududiy inspeksiyasi tomonidan oʻtkazilgan press-tur va Matbuot anjumanida bu kabi savollarga javob olindi.
— Respublikamizning xorij davlatlari bilan ipmort-eksport faoliyatini tashkil etishda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining ahamiyati juda katta, — deydi viloyat inspeksiya Axborot xizmati rahbari Zaynobiddin Qodirov. — Zero, viloyatimiz asosan agrar sohaga ixtisoslashgani bois oʻsimliklarda uchraydigan kasalliklarning oldini olish, ularga qarshi kurashish, turli zararkunandalardan himoya qilish muhim masala hisoblanadi. Bir soʻz bilan aytganda, inspeksiyamiz respublikamizga va respublikamizdan tashqariga zararli va zaharli kasalliklarning kirib kelishi, shu bilan birga chiqib ketishining oldini olish uchun xizmat qiladi.
Media-tur davomida inspeksiyada yaratilgan sharoit bilan yaqindan tanishilgan boʻlsa, Matbuot anjumanida amalga oshirilgan ishlar tafsilotiga toʻxtalindi. Maʼlum boʻlishicha, joriy yilning oʻzida mamlakatimizdan chet davlatlarga qishloq xoʻjaligi, texnik mahsulotlar va boshqa tovarlar boʻyicha 79216,2 tonna mahsulot eksport qilinishiga erishildi. Shu bilan bir qatorda import boʻlib kirib kelgan 28402,9 tonna u yoki bu turdagi tovarlar toʻgʻrisida maʼlumotlar berildi.
Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring