Oʻsimlik dunyosi obyektlariga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Maʼlumotlarga koʻra, yashil olam shahar havosini 2-8 darajaga salqinroq qiladi, bitta daraxt yiliga 15 ming litrgacha suvni tuproqda saqlaydi. Oʻzbekiston hududining 7,5 foizi tabiiy oʻrmonlar bilan qoplangan. Dunyo mamlakatlarida esa bu koʻrsatkich 30 foizni tashkil etadi. Masalaning jiddiyligidan kelib chiqib, yurtimizda oxirgi yillarda oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish maqsadida bir qator qatʼiy choralar koʻrilmoqda.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2020-yil 15-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan majlisida “Oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilishni takomillashtirish munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi deputatlarning qizgʻin bahs-munozaralariga sabab boʻldi.
Mazkur qonun loyihasi bilan daraxtlar, butalar va boshqa oʻsimliklarni gʻayriqonuniy ravishda kesish, ularni yoʻq qilish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki koʻchirib oʻtkazish uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Xususan, Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan oʻzgartishlarga koʻra, javobgarlik choralari avvalgisiga nisbatan ikki baravarga oshirilmoqda. Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga mazkur sohada sodir etilayotgan huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy huquqbuzarlikni sodir etish quroli boʻlgan ashyoni va maʼmuriy huquqbuzarlikning bevosita ashyosi ham musodara qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga joylarda oʻzlariga vaqtincha yoki doimiy ravishda foydalanishga ajratilgan yoki biriktirilgan maydonlardagi daraxtlarni saqlash va ularni muhofaza qilish choralarini koʻrmaganlik uchun mansabdor shaxslarga oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima belgilanmoqda.
Deputatlarning fikricha, qonun loyihasining qabul qilinishi daraxtlar, butalar va boshqa oʻsimliklarning gʻayriqonuniy kesilishi, yoʻq qilinishi, shikastlantirilishi yoki boshqa joyga koʻchirilishining oldini olishga hamda atrof muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish orqali bu boradagi huquqbuzarliklarning kamayishiga xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring