Oshqozon yarasi xuruj qilganda qanday tavsiyalarga amal qilish lozim?

11:52 10 Fevral 2024 Jamiyat
693 0

Soʻnggi vaqtlarda oshqozon yarasi xastaligi tez-tez uchramoqda. Xoʻsh, buning sababi nima? Ushbu kasallik asosan kimlardan kuzatilyapti?

Ushbu savollarga tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamrabayeva javob berdi.

— Oshqozon yarasi asosan 20-40 yosh atrofidagi insonlarda uchraydi, — deydi mutaxassis. — Ammo keyingi paytlarda ushbu xastalikka maktab yoshidagi oʻgʻil-qizlar ham koʻp chalinyapti.

Kasallikning kelib chiqishiga, avvalo, tartibsiz va nosogʻlom ovqatlanish sabab boʻladi. Yaʼni oʻz vaqtida taomlanmaslik, shilliq qavatga salbiy taʼsir etuvchi hamda oshqozon shirasi ishlab chiqarilishini kuchaytiruvchi achchiq, dudlangan, xamirli taomlar yeyish ushbu kasallikni yuzaga keltiradi.

Shu bilan birga, quruq, juda issiq yoki oʻta sovuq yeguliklarni haddan ziyod koʻp isteʼmol qilish, boʻyoqli va gazli hamda qahva kabi ichimliklarni meʼyoridan ortiq ichish tufayli ham oshqozon yarasi paydo boʻladi.

Qolaversa, irsiy moyillik, Helicobacter pylori infeksiyasi, taomlarni yaxshi chaynab yemaslik, ayrim dori vositalarini nazoratsiz va uzoq muddat qabul qilish, asabiylashish, stress, chekish, spirtli ichimliklar ichish va tugʻma nuqsonlar ham bunga sabab boʻlishi mumkin.

Oshqozon yarasi bor bemorlar, asosan, toʻsh osti sohasida ogʻriq sezadilar. Ogʻriq ovqat yegandan keyin yarim va bir soatlar oʻtgach boshlanadi. Oʻn ikki barmoq ichak yarasida esa ogʻriq asosan nahorda boʻlib, ozgina taom yegandan keyin oʻtib ketadi.

Kasallik oʻz vaqtida davolanmasa, surunkali tusga oʻtib, bahor va kuz oylarida yanada zoʻrayadi. Bu davrda bemor ish qobiliyati susayib, ishtahasi pasayadi, holsizlanadi. Agar davo choralari koʻrilmasa, kasallik ogʻirlashishi va xavfli asoratlar (yara teshilishi va qonashi) roʻy beradi.

Yara teshilganda qorinning oʻrta qismida kuchli ogʻriq boʻladi. Yara qonaganda bemor badanini muzdek ter qoplab, qon aralash qayt qiladi. Shu bilan birga, qoramtir rangda ich ketib, kamqonlik kelib chiqadi. Har ikki holatda ham shifokorga murojaat qilishni kechiktirmaslik zarur.

Xastalik xurujining oldini olish uchun oshqozon shilliq pardasiga salbiy taʼsir etuvchi achchiq, shoʻr va yogʻli taomlarni cheklash lozim. Shuningdek, tarkibida efir moyi boʻlgan turp, rediska, piyozni isteʼmol qilish mumkin emas. Nordon mevalar – olxoʻri, yashil olma, nordon uzumni kamroq yegan maʼqul.

Tez hazm boʻladigan (bugʻda pishirilgan, qaynatilgan, kuchli qovurilmagan) yengil taomlarni oz-ozdan, kuniga 4-5 mahal tanovul qilish tavsiya etiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер