Byurokratiya sabab 10ga yaqin OTMning rahbar xodimlariga intizomiy jazo choralari koʻrildi

11:47 02 Dekabr 2020 Jamiyat
1309 0

Ayrim oliy taʼlim muassasalari endi katta hayotga yoʻl olayotgan abituriyentlardan ortiqcha hujjat soʻrash hamda zamon talablariga toʻgʻri kelmaydigan qoʻshimcha talablar oʻrnatish orqali eskirgan usullarda ishlashda davom etishmoqda.

Jumladan, adliya organlari tomonidan Samarqand viloyati misolida soʻrov orqali oʻtkazilgan oʻrganish natijalariga asosan fuqarolardan talab qilish taqiqlangan hujjatlar olinganligi, qonun hujjatlari bilan belgilangan talablariga zid ravishda rasmiy hujjatlarning nusxalari talab qilinganligi va boshqa byurokratik gʻovlar mavjudligi aniqlandi.

Misol uchun, Samarqand davlat chet tillar universtiteti abituriyentlardan fuqarolik pasportidan nusxa, soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida guvohnoma, jismoniy shaxslardan jamgʻarib boriladigan pensiya tizimiga qoʻyilganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma kabi hujjatlarni taqdim etishni asossiz ravishda talab qilgan.

Oliy taʼlim muassasasi qabul komissiyasi abituriyent haqidagi zarur maʼlumotlarni Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritib abituriyentga asl hujjatlarni qaytarishi nazarda tutilgan.

Shunga asosan, Adliya vazirligi tomonidan oliy taʼlim muassasalari tomonidan ortiqcha byurokratik gʻov va toʻsiqlarga barham berish boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga tegishli taqdimnoma kiritildi.

Uning natijasiga koʻra 10 nafarga yaqin oliy taʼlim muassasalarining rahbar xodimlariga turli intizomiy jazo choralari koʻrildi.

Shuningdek, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan mazkur qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish yuzasidan adliya organlari tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер