Oʻrtada “Xitoy devori” boʻlmasligi kerak!..

10:49 24 Noyabr 2020 Jamiyat
1671 0

Ayni paytda Fargʻona viloyatida 3415 ta koʻp qavatli uylar mavjud boʻlib, ularga 301 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda 13 ta boshqaruv servis kompaniyalari xizmat koʻrsatadi.

2020-2021-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash maqsadida viloyatdagi 411 ta koʻp qavatli uylarni mukammal va joriy taʼmirlash, buning uchun 11 mlrd. soʻm mablagʻ (7,8 mlrd. soʻm respublika byudjeti, 3,2 mlrd. soʻm tijorat banklari krediti) sarflanishi belgilangan.

Afsuski, bugungi kunda viloyatdagi 282 ta shirkatlarning 80 mlrd. 731 mln. soʻm kredit qarzdorligi mavjud. Viloyatda 2020-yil uchun shirkatlarga kuz-qish mavsumi tayyorgarligi uchun 3 mlrd. 253 mln. soʻm kredit ajratilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda 1 mlrd. 855 mln. soʻm kredit berildi.

Fargʻona shahridagi “Fargʻona Mahliyo Kommunal Plyus” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati Alisher Navoiy MFY hududidagi 21 ta koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatadi.

Shirkat bosh hisobchisi Charos Kamchiyevaning qayd etishicha, koʻp yillar davomida shirkat shahardagi eng namunali xizmat koʻrsatuvchi shirkatlardan biri hisoblanadi. Ammo hududdagi 956 ta xonadon egalarining barchasi ham zimmalaridagi masʼuliyatni anglab yetavermaydi. Shu bois bugungi kunda uy egalarining shirkatdan boʻlgan qarzi 100 million soʻmdan ziyodroqni tashkil etadi.

Charos Kamchiyeva kuyunchaklik bilan yillar mobaynida shirkatdan boʻlgan katta qarzini toʻlamay kelayotgan baʼzi xonadon egalarini sanab oʻtdi. U tomonidan yuritilgan qarzdorlar roʻyxatiga koʻra, koʻp qavatli uylarni saqlash xarajatlari uchun belgilangan narx boʻyicha shirkatga uzoq yillar davomida 1,5, 2, hatto 3 milliongacha qarzini toʻlamay kelayotgan uy egalari koʻpchilikni tashkil etadi. Afsuski, oʻrtada “Xitoy devori” bor. Bu ishonchsizlikmi yoki masʼuliyatsizlik. Hozircha buni izohlash qiyin boʻlmoqda?

Shirkatda chilangar, elektrik va santexnik singari 4 nafar malakali mutaxassislar faoliyat koʻrsatadi. Bu yil kuz-qish mavsumi tayyorgarligi ishlari uchun 500 mln. soʻm kredit soʻralgan edi. Ammo «Ipotekabank»ning Fargʻona filiali tomonidan shirkatga 200 mln. soʻm miqdorida kredit ajratildi, xolos.

— Biz uylarni sifatli saqlash, hududni obodonlashtirish va xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilash uchun astoydil harakat qilamiz, — deydi Ch. Kamchiyeva. — Ammo bu mehnatning qadr-qimmati yoʻq. Qarzi koʻp xonadon egalarining aksariyati uyiga ijarachi qoʻygan. Har oyda daromad oladi, lekin qarzini toʻlamaydi. Aksincha yolgʻiz pensionerlar masʼuliyatli, oyma-oy toʻlovni amalga oshirib kelishadi.

Maqolani tayyorlash jarayonida Fargʻona, Margʻilon, Qoʻqon va Quvasoy shaharlari hamda baʼzi tumanlarda oʻziga xos kichik soʻrovnoma oʻtkazildi. Soʻrovnoma ishtirokchilarining qariyb 40 foizi oʻzi yashaydigan hududda xizmat koʻrsatuvchi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati faoliyati, oʻzaro munosabatlarning qonuniy asoslari, xizmat tariflarini shakllantirish mezoni singari tartib-tamoyillar boʻyicha hech qanday maʼlumotga ega emas.

Shu maʼnoda, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun shakllantiriladigan tariflar oʻrtasidagi nomuvofiqlikni ham bir koʻrib chiqish kerak. Boisi koʻp qavatli uylarni saqlab turish xarajati uchun belgilangan narx oʻttiz yil oldingi eski uy va yaqinda qurib bitkazilgan zamonaviy uy-joy uchun ham bir xil miqdorda shakllantirilgan. Viloyatdagi katta qarzi bor shirkatlarning aksariyatida toʻlov qobiliyati past, qarzni undirish jarayoni yildan-yilga qiyinlashib bormoqda.

Mamlakatimiz taraqqiyotining bugungi bosqichida poytaxtimiz Toshkent shahrida dunyoning eng rivojlangan mamlakatlari tajribasi asosida shirkatlar oʻrnida zamonaviy mezonlar asosida faoliyat koʻrsatuvchi ixtisoslashgan boshqaruv servis kompaniyalari tashkil etildi.

Bugungi kunda Fargʻona viloyatida ham 13 ta boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Shu bois ushbu soha istiqbolini aynan boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati bilan bogʻlash oʻrinli boʻlar edi. Yana qaydam...

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер