Orolboʻyidagi tumanlarda kartoshka yetishtirilmoqda

20:01 03 Noyabr 2020 Iqtisodiyot
1459 0

Sir emaski, joriy yil bahor oyida yurtimizga kirib kelgan pandemiya tufayli odamlar birdaniga bozorlarga tushib, oziq-ovqat mahsulotlarini zaxira qilishni boshladi. Ana shu paytda chetdan kirib keladigan, yoki boshqa viloyatlarda yetishtirilib yetkaziladigan kartoshkaning narxi ayrim hududlarda oshib ketish holatlari ham uchradi.

Oldinlari Qoraqalpogʻiston Respublikasining bozorlarida sotiladigan kartoshkaning asosiy qismi chetdan va boshqa viloyatlardan olib kelingan. Mahalliy aholi tomonidan yetishtirilgan kartoshka bozorlarni taʼminlash imkoni boʻlmagan.

Joriy yilda ichki bozorda kartoshkaga boʻlgan talab va ehtiyojlarni inobatga olib, Orolboʻyidagi fermer xoʻjaliklari dalalarida ham kartoshka yetishtirishga alohida ahamiyat qaratildi.

Masalan, Qonlikoʻl tumanidagi «Qonlikoʻl agrotaʼminot» fermer xoʻjaligi tomonidan 7,7 gektar maydonga kartoshka ekilgan boʻlsa, “Qonlikoʻl kartoshka” fermer xoʻjaligining 12 gektar dala maydonlarida kartoshka yetishtirilmoqda. Ushbu maydonlardan jami 265 tonna kartoshka hosilini olish rejalashtirilgan.

Ayni kunlarda mazkur fermer xoʻjaliklarida kartoshka mahsulotlarini yigʻib-terib olish tadbirlari amalga oshirilmoqda. Agarda ushbu fermer xoʻjaliklari dalasidan kutilganidek hosil yigʻib olinsa, tuman aholisining kuz-qish mavsumida kartoshkaga boʻlgan ehtiyojining 41,9 foizini qoplash imkoni yaratiladi. Demak, mavsumda talab qilinadigan kartoshkaning salkam yarmi tumanda yetishtirilar ekan, bozorlarda kartoshka narxi barqaror boʻlishiga shubha qilmasa ham boʻladi. Tuman aholisi ehtiyoji uchun talab qilinadigan 387 tonna kartoshka boshqa viloyat va tumanlaridan olib kelinishi hisobiga qishki oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish belgilangan.

Tuman hokimligi axborot xizmatining maʼlumot berishicha, hududda 11 ta tayyorlash tashkilotlari va ijtimoiy soha muassasalari tomonidan jami 1 ming 680 tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini zaxiraga jamlash ishlari olib borilmoqda. Tuman aholisining asosiy oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini qanoatlantirish maqsadida tuman hokimligi qoshida “Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash” jamgʻarmasi tashkil qilinmoqda.

Eʼtiborlisi, butun dunyoda eng dolzarb vazifalardan biri boʻlib turgan oziq-ovqat xavfsizligi taʼminlash borasida Qoraqalpogʻiston Respublikasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Orolboʻyidagi tumanlarda kartoshka yetishtirilayotgani ham mazkur fikrimizga yorqin misoldir.

Gʻ.Otajonov
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер