Organizmning barqaror ishlashi qaysi gormonlarga bogʼliq?

18:24 18 Avgust 2024 Jamiyat
891 0

Ichki sekretsiya bezlari inson tanasida gormonlar ishlab chiqarib, ular deyarli barcha hayotiy jarayonlarni tartibga soladi.

Xoʼsh, organizmda qaysi gormon, qanday vazifa bajaradi? Ular faoliyatiga qaysi omillar salbiy taʼsir etishi mumkin? 

Ushbu savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokori, tibbiyot fanlari nomzodi Nozimaxon Nazarova javob berdi.

"Inson tanasi murakkab boʼlib, uning barqaror ishlashi koʼp jihatdan gormonlar muvozanatiga bogʼliq. Ular biologik faol moddalar boʼlib, asosan, ichki sekretsiya bezlarida hosil boʼladi va organizm funktsiyalarini tartibga soladi. Yaʼni gormonlar butun tanaga tarqalib, aʼzo va toʼqimalar faoliyatini bir meʼyorda boshqaradi.

Misol uchun, kalьtsitonin va triyodtironin (T3) hamda tiroksin (T4) qalqonsimon bez gormonlari boʼlib, ularning birinchisi parafolekulalaridan ajralib, fosfor va kalьtsiy almashinuvini boshqaradi. Triyodtironin va tiroksin esa tananing yodga boʼlgan ehtiyojini qondiradi. Аynan ular qalqonsimon bezning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

Shuningdek, estrogen — ayollik, testosteron — erkaklik, adrenalin — buyrak usti bezida ishlab chiqariladi. Yaʼni jinsiy gormonlar reproduktiv salomatlikni tartibga solsa, adrenalin vujudni stressga tayyorlaydi.

Insulin esa organizmdagi qand miqdorini bir meʼyorda ushlab turishga “masʼul”. Oshqozon osti bezida ishlab chiqariluvchi bu moddaning yetishmasligi qandli diabetni keltirib chiqaradi.

Kortizol — stress, ochlik yoki toʼqlikni nazorat qiluvchi gormon ham deyiladi. U quyosh nurida koʼp yurish, kaloriyasiz, kam vitaminli taomlar yeyish oqibatida kamayib ketadi. Bu esa buyraklar faoliyatiga salbiy taʼsir etishi mumkin. Аksincha koʼpayib ketishi buyraklarga ortiqcha bosim yuklaydi.

Gipofiz — miya ichida joylashgan va tanadagi barcha gormonlar faoliyatini boshqaradi. Gormon ishlab chiqaruvchi aʼzolar va endokrin tizim bir-biri bilan chambarchas bogʼliq boʼlib, zarurat boʼlmasa, ular faoliyatiga aralashish kerak emas.

Аmmo endokrin bezning yaxshi ishlamasligi gormonlar faoliyatiga ham salbiy taʼsir qilishi mumkin. Bu holat koʼpincha turli xavfli oʼsmalar, nosogʼlom turmush tarzi, notoʼgʼri ovqatlanish, uyqusizlik va stress sabab yuzaga keladi", deydi mutaxassis.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер