Qayerda oʻqituvchilar eng koʻp eʼzozda?
Foto: GETTY IMAGES
Oʻqituvchimisiz va sizga hamma ehtirom koʻrsatishini istaysizmi? U holda Xitoy, Malayziya yoki Tayvanda dars berishingizni maslahat bergan boʻlar edik, deb yozmoqda Bi-bi-si.
Sababi xalqaro soʻrovnomalardan birining natijasi ayni shu davlatlarda oʻqituvchilarning jamiyat tomonidan yuqori darajada hurmat etilishini koʻrsatmoqda.
Biroq Braziliya, Isroil va Italiya kabi mamlakatlarda esa “oʻqituvchilar obroʻsi indeksi”da quyi oʻrinlarni egallagan.
Indeks Britaniyada joylashgan Iqtisodiyot va ijtimoiy tadqiqot milliy instituti hamda Varkey Foundation tashkiloti tomonidan tayyorlangan.
Buyuk Britaniya mazkur reytingda unchalik yuqori natijani koʻrsatmagan boʻlsa-da, mazkur davlat oʻqituvchilari oʻz jamiyatida AQSH, Fransiya va Germaniyadagi hamkasblaridan koʻra yaxshiroq hurmat qilinar ekan.
Roʻyxatning eng yuqori pogʻonasi Xitoyga nasib etgan. 35 ming ishtirokchi oʻrtasida oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, xitoylik oʻquvchilarning 81 foizi oʻz oʻqituvchisini hurmat qilishini koʻrsatdi.
Yevropa va Janubiy Amerika davlatlarining aksarida “oʻquvchilar oʻz oʻqituvchisini uncha hurmat qilmaydi”, degan qarash shakllangan.
Ammo oʻqituvchini eʼzozlash madaniyati Osiyo, ayniqsa, Janubiy Koreya va Singapur kabi davlatlarda yuqori darajaga koʻtarilgan. Aynan shu davlatlardan boʻlgan oʻquvchilarning xalqaro imtihonlar va musobaqalarda koʻrsatayotgan natijasi ham yuqori. Tadqiqotchilar buni malakali xodimlarni taʼlim tizimiga jalb etib kelinishi bilan izohlamoqda.
Oʻqituvchilarning biror mamlakatda qanchalik darajada izzat qilinishini bilishning yana bir usuli - bu ota-onalarning oʻz farzandiga ushbu kasbni ravo koʻrish-koʻrmasligini aniqlashdir.
Xitoy, Hindiston va Ganada koʻplab oilalar farzandining oʻqituvchi boʻlishini istaydi. Rossiya, Isroil va Yaponiyada esa buning aksini koʻrish mumkin. Buyuk Britaniyada ota-onalarning 23 foizigina farzandini oʻqituvchi boʻlishga undaydi.
Yana bir jihat: keyingi besh yil ichida taʼlim tizimi va oʻqituvchilarning kasbiy hayotida oʻzgarishga uchragan eng katta narsa — bu mehnat va samaradorlikka yarasha haq toʻlashning ommalashgani boʻlgan. Besh yil oldin oʻqituvchilar munosib haq olish masalasi dunyo boʻylab koʻp muhokamalarga sabab boʻlayotgan edi.
Varkey Foundation asoschisi Sanni Varkeyning aytishicha, endi biz bemalol oʻqituvchini eʼzozlash nafaqat axloqiy burch, balki mamlakat taʼlim tizimining ravnaq topishi kafolati ekanini bemalol ayta olamiz.
Oʻqituvchilar eng koʻp hurmat qilinadigan davlatlar reytingida yuqori oʻnlik quyidagicha koʻrinish oldi: Xitoy, Malayziya, Tayvan, Rossiya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, Yangi Zelandiya, Singapur.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring