Oʻqituvchilar nufuzini oshirish – umummilliy vazifa
Foto: “Xalq soʻzi”
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 20-dekabrdagi Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2023-yilga yurtimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”, deb nom berishni taklif qilgan holda, kelayotgan yilda taʼlim sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat va jamiyatimiz oldida turgan bir necha muhim vazifalarga alohida toʻxtalib oʻtdilar. Zero, “taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”.
Shu bilan birga jamiyatda oʻqituvchi kasbining nufuzini oshirish, muallimlarning sharoitlarini yaxshilash 2023-yildagi eng asosiy vazifalarimiz sifatida belgilangani uchun nafaqat bu sohaga masʼul boʻlgan mutasaddilar uchun, balki har birimizga yuksak masʼuliyat yuklaydi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, taʼlimni rivojlantirish masalasiga Prezidentimiz tomonidan avval ham bir necha bor jiddiy eʼtibor berilgan. Chunonchi, davlatimiz rahbari Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 29 yilligi bayram tabrigida Uchinchi Renessansning toʻrt uzviy halqasi boʻlmish bogʻcha, maktab, oliy taʼlim va ilm-fan sohalarini rivojlantirish, buning uchun esa albatta ustoz va murabbiylarning, pedagog xodimlarning huquqlarini Konstitutsiya darajasida mustahkamlab qoʻyish, shuningdek, 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda «Ustoz va murabbiylar – bilimlarni, urf-odat va anʼanalar, madaniyatimizni avloddan-avlodga yetkazadigan buyuk kuchdir. Shunday ekan, ustozga boʻlgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda oʻz ifodasini topishi zarur. Shuningdek, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashish, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga toʻsqinlik qilishga yoʻl qoʻyilmacligi» yoʻnalishdagi ustuvor vazifa sifatida belgilab berish taklifi ilgari surilgan.
Mazkur yoʻnalishdagi vazifalarning huquqiy poydevori ham yaratib boʻlingan. Taraqqiyot strategiyasining 4-yoʻnalishida belgilangan maqsadlarga koʻra, oʻquv oʻrinlari sonini 2026-yil yakuniga qadar 6,4 milliongacha yetkazish, Oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va taʼlim sifatini oshirish asosiy vazifa sifatida qoʻyilgan. Ushbu maqsadlarga erishish birinchi navbatda pedagog xodimlarning huquqlarini, ayniqsa ularning davlat himoyasida ekanligini, faoliyatiga aralashishga yoʻl qoʻyilmasligini Konstitutsiya bilan kafolatlashni talab qiladi.
Shuni eʼtirof etish kerakki, amaliyotda koʻpgina holatlarda pedagog xodimlarning faoliyatiga aralashish holatlari mavjud. Masalan, yuqori turuvchi idoralar, taʼlim muassasa rahbariyati yoki “uchinchi shaxslar” pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish yoki xizmat faoliyatiga kirmaydigan topshiriqlar berish kabi holatlar uchrab turadi. Bu esa pedagog xodimlarga oʻquvchi, talabalarning bilimini obyektiv baholashga, ilmiy ijod bilan shugʻullanishiga toʻsqinlik qiladi.
Bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida Konstitutsiyamizga yangi norma qoʻshilgan holda, u bilan pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda masʼuliyatli vazifasi sifatida mustahkamlash nazarda tutilgan. Shuningdek, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yoʻl qoʻyilishi taqiqlanmoqda. Ushbu norma qoʻshilishi pedagog xodimlarning ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishi, oʻz kasbiy faoliyatini amalga oshirishi, ularning ijtimoiy maqomi va obroʻsini oshirish uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishi, shuningdek oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini amalga oshirish uchun kafolatlar berishga xizmat qiladi.
Xalqaro hamjamiyat tomonidan pedagog xodimlarning erkin ijod qilish huquqini mustahkamlovchi tavsiya qabul qilingan. Chunonchi, 1966-yil 5-iyuldagi YUNESKOning “Oʻqituvchilar maqomi toʻgʻrisida”gi Tavsiyasining 7-bandida pedagogning “erkinligi prinsipi” mustahkamlangan.
Shunga oʻxshash norma Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni 45-moddasiga koʻra “pedagog xodimlarning maqomi jamiyat va davlat tomonidan tan olinadi”.
Bu borada Prezident administratsiyasi shuʼba mudiri Saida Mirziyoyeva “Zakovat” olimpiadasi finalidagi nutqida aytganidek, “butun jamiyat oʻqituvchini himoya qilib, uni majburiy mehnatga, turli qoʻshimcha ishlarga jalb qilishga qarshi tursagina, bunga erisha olamiz”.
Gulnoza SATTOROVA,
Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti boʻlim boshligʻi, yuridik fanlar nomzodi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring