Oʻqituvchi oʻz xonadonida mahalla yoshlari uchun kutubxona tashkil qildi

13:58 28 Sentyabr 2018 Madaniyat
2621 0
Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

“XALQ SOʻZI ONLINE”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. Bagʻdod tumanining Shoʻrqishloq mahalla fuqarolari yigʻini, Obod koʻchasida istiqomat qiluvchi Muhammadjon Qodirov tabiatan bolajon inson. Oʻttiz yildan boʻyon yoshlarga rus tili va adabiyoti fanidan dars berayotgan bu tashabbuskor, fidoyi ustoz imorat solmadi, ortiqcha hashamga koʻngil qoʻymadi. Savob umidida, xolis niyat bilan oʻz xonadonida mahalla va qishloq yoshlari uchun kutubxona va xorijiy tillar toʻgaragi tashkil qildi.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

“Qishloq joylarda rus tili fani oʻqituvchilari hali ham muammoligicha qolmoqda. Yozgi taʼtil davomida tomorqa va oila ishlaridan boʻsh vaqtlarimda mahalladagi 15 nafar bolaga rus tilidan qoʻshimcha dars mashgʻulotlari oʻtdim. Qisqa vaqtda ularda ijobiy oʻzgarishlar sezila boshladi. Mashgʻulotlarga qiziqib ilm ilinjida qoʻshni qishloqlardan ham oʻquvchilar kela boshladi. Darslar davomida shaxsiy kutubxonamdan foydalanishdi. Shunda xonadonimda mahalliy yoshlar uchun kutubxona ochish niyati paydo boʻldi. Hozirda qatnovchilar soni 100 nafardan oshgan. Kutubxonamizda rus tili va adabiyoti faniga tegishli kitoblardan tashqari asalarichilik, tomorqadan foydalanish, oʻzbek va jahon adabiyoti mavzulariga tegishli 500 dan ortiq kitoblar mavjud. Faqat javonlar yetarli boʻlmaganligi uchun kitoblarni hozircha tokchalarda saqlashga majbur boʻlyapmiz. Niyatim yaqin kunlarda ommaviy axborot vositalari bilan birgalikda “Har oiladan besh kitob”, “Kutubxonaga kelajak uchun kitob sovgʻasi” xayriya aksiyalarini oʻtkazmoqchiman. Bundan tashqari, kutubxona sharoiti va imkoniyatlarini kengaytirish uchun mahalliy homiylarni ham jalb etish niyatim bor. Tasavvur qiling-a, tashabbuskorlar koʻpayib, hech qanday byudjet mablagʻlarisiz mamlakatimizdagi minglab mahallalarda koʻngilli tashabbuskorlar ixtiyori bilan kutubxonalar ochsa, bolalar qoʻshni uydagi kutubxonaga yugurib kirib oʻziga kerakli adabiyotni qiynalmay topa olsa.... Shu mening eng katta orzuyim!”, - deydi Muhammadjon Qodirov.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

MuhammadjonQodirov joriy yilning yoz oylarida hududdagi 21-maktabgacha taʼlim muassasasi bolajonlarini Qoʻqon shahridagi Xudoyorxon muzeyiga sayohatga taklif qildi. Bundan tashqari, tumandagi 10-umumtaʼlim maktabi 1-sinf oʻquvchilari va oʻqituvchilari uchun ragʻbatlantiruvchi stipendiyalar ham tashkil qildi.

Foto: “XALQ SOʻZI ONLINE”.

Mamlakatimizda Muhammadjon Qodirovdek tashabbuskorlarni tegishli idora va tashkilotlar, qoʻli ochiq tadbirkorlar, mahalliy hokimliklar albatta ragʻbatlantirishi va butun mamlakat boʻylab namuna sifatida koʻrsata olishi juda muhim. Chunki xalqimizda “Olma olmani koʻrib rang oladi”, degan naql bor. Bir tashabbuskordan ming tashabbuskor koʻpaysa qanday yaxshi...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер