Oqava suv tarmoqlarini yaxshilash – dolzarb

15:34 20 Oktyabr 2021 Jamiyat
895 0

Foto: Abdulaziz Yo'ldoshev / Xalq so'zi

“Buxoro va Samarqand shaharlarida tozalash inshootlari va kanalizatsiya tizimlarini rekonstruksiya qilish” loyihasi doirasida Samarqand shahrida Jahon banki tomonidan ajratilgan mablagʻlar hisobidan 2016-2021-yillarda suv tozalash tizimini yangilash ishlari olib borildi.

Jumladan, Farhod shaharchasidagi quvvati 3 ming metr kub boʻlgan oqava suv tozalash inshooti toʻliq rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi. Jami 93,2 kilometr oqava tarmoqlari qurilib, taʼmirlandi. Shuningdek, Samarqand tumani Zaxlik qishlogʻidagi oqava suv tozalash inshooti va 5 ta nasos stansiyasi ishga tushirilishi natijasida 80 mingdan ziyod aholiga zarur qulaylik yaratildi.

Loyiha doirasida foydalanishga topshirilgan oqava suv inshootlari jahondagi yetakchi kompaniyalarning muhandislari bilan hamkorlikda amalga oshirilgani eʼtiborli jihatdir. Masalan, Zaxlik qishlogʻida bu turdagi inshoot toʻliq xalqaro standartlarga javob beruvchi “A” toifaga ega boʻlib, tozalangan suvning sifati namuna boʻladigan darajada.

Besh yil davomida Samarqandda bir necha suv tozalash inshootlari rekonstruksiya qilinib, yangi tarmoqlar qurildi. Endilikda bir kecha-kunduzda 140 ming metr kub oqava suvni tozalash imkoniga ega boʻlgan inshootlar 500 mingga yaqin aholiga xizmat koʻrsatmoqda.

Bu boradagi loyihalar toʻxtagani yoʻq. Tez orada Kattaqoʻrgʻon shahrida ham suv tozalash inshootlari va stansiyalari, shuningdek, oqava suv tarmoqlarini yaxshilash chora-tadbirlariga kirishiladi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер