Onlayn-nazorat kassa texnikalarini qoʻllash tartibi oʻzgaradi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Soliq maʼmuriyatchiligini yana-da takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Vazirlar Mahkamasining 943-son qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan Davlat soliq qoʻmitasi Sayyor soliq tekshiruvlari boshqarmasi boshligʻi Shodiyor Ahmedov tushuntirish berdi.
Mazkur qaror bilan onlayn-NKMlar fiskal maʼlumotlarni qogʻozga chop etishdan oldin tekshirish va ekranda tovarlar (xizmatlar) nomlanishini aks ettirishni talab qiladigan boshqa amallarni bajarish uchun kamida TFT LCD 800*480 sigʻimli ekranga ega boʻlishi talabi bekor qilindi.
Shuningdek, qarorda koʻchma savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM yoki virtual kassani qaysi soliq organidan roʻyxatdan oʻtkazishi belgilanmagan edi.
Kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan, koʻchma savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan onlayn-NKM yoki virtual kassalar oʻzlari roʻyxatdan oʻtgan joy boʻyicha tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalaridan mazkur Nizom talablari asosida roʻyxatdan oʻtkazilishi belgilandi.
Bundan tashqari, tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab quvvatlash, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarini ortiqcha sarf-xarajatlarini oldini olish maqsadida, Texnik xizmat koʻrsatish markazlari va onlayn-NKM (virtual kassa) ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan zaxiraga qoʻyiladigan pul mablagʻlari summasi ikki baravarga kamaytirildi.
Yaʼni, endilikda onlayn-NKM (virtual kassa) ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) korxonalar vakolatli organda roʻyxatga olingan onlayn-NKM va virtual kassa sonidan kelib chiqib, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan ikki ming baravarigacha emas, yuz baravaridan ming baravarigacha miqdorida mablagʻlarni vakolatli organning maxsus hisob raqamiga zaxiraga qoʻyadi.
Operator tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlovlar tadbirkorlik subyektlari tomonidan naqd va naqd pulsiz koʻrinishda amalga oshirish mumkinligi belgilandi.
Avvalgi tartibga koʻra, tadbirkorlik subyektlari onlayn-NKM yoki virtual kassa fiskal moduli uchun toʻlovni operator (“Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi DUK) hisob raqamiga faqat pul oʻtkazish yoʻli bilan amalga oshirar edi. Bunda, tadbirkorning hisob raqamida inkasso topshiriqnomalari mavjud boʻlganda ushbu summani toʻlay olmas edi.
Onlayn-NKMlarga qoʻyilayotgan talablar takomillashtiriladi:
onlayn-NKMlar texnik jihatdan imkoniyat boʻlganda, chek maʼlumotlari bilan joylashgan joyi boʻyicha geolakatsiya maʼlumotlarini operatorga yuborish imkoniyatiga ega boʻladi;
onlayn-NKMlar 24 soat offlayn rejimida ishlagandan soʻng ularni avtomatik bloklash tizimi joriy etiladi.
Virtual kassaga oid oʻzgarishlar:
virtual kassaga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin;
fiskal maʼlumotlar, shuningdek, ularni operatorga yuborishda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan taqdirda operator va kiberxavfsizlik markazidan qayta xulosa olinishi shart;
elektron tijorat orqali faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari fiskal maʼlumotlarni operatorga uzatishni Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan virtual kassa dasturiy mahsuloti orqali amalga oshirishi mumkin.
Shuningdek, onlayn-NKM yoki virtual kassa ishlab chiqaruvchilari tomonidan DSQning maxsus hisob raqamiga qoʻyilishi belgilangan zaxira summasi bank yoki sugʻurta tashkilotlari kafolat xati asosida olti oy ichida shakllantirilishi mumkin. Bunda zaxira summasi bank kafolat xati asosida tadbirkorlik subyektining oʻz ehtiyojida (ixtiyorida) ham qoldirilishi mumkin.
Ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalar mahalliy onlayn-NKM ishlab chiqaruvchi korxonalarni qoʻllab-quvvatlash, sohada sogʻlom raqobat muhitini yaratish, tadbirkorlik subyektlarini ortiqcha sarf-xarajatlarini oldini olishga xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, yuqoridagi oʻzgartirish va qoʻshimchalar 2021-yil 1-martdan eʼtiboran kuchga kiradi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring