Ona tilimiz sofligi uchun har birimiz masʼulmiz

16:22 02 Fevral 2024 Jamiyat
439 0

Til – millat koʻzgusi. Har bir xalqning tili oʻzi bilan birday yaralib, baxt va dardu tashvishlariga sherik holda sokin va suronli davrlarini bosib oʻtadi. Turli bosqinu istilolardan aziyat chekib, xira tortadi.

Istiqlol arafasida ona tilimizga Davlat tili maqomi berilib, 2019-yildan eʼtiboran 21-oktyabr sanasining mamlakatimizda “Oʻzbek tili bayrami kuni” deb eʼlon qilinishi mustaqil davlatchiligimiz timsoliga boʻlgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasidir.

Shuningdek, Respublika Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-yanvardagi “Mamlakatda davlat tilida ish yuritishni samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida barcha tumanlar hokimliklari tarkibida hokimning maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy qilinib, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan monitoringni amalga oshirishda jamoatchilik nazoratining samarali shakllari qoʻllanilmoqda.

Chunonchi, Navoiy viloyatining Karmana tumanida oʻzbek tilining yozma nutqi meʼyor va qoidalari hamda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish, ilmiy asoslangan yangi soʻz va atamalarni isteʼmolga kiritish, bir xilda qoʻllanishini taʼminlashning ahvolini monitoring qilish maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ishchi guruhlar tashkil etilgan.

— Ishchi guruhlar tomonidan Respublika Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 10-fevraldagi “Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga bosqichma-bosqich toʻliq oʻtishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Karmana tumanida oʻrnatilgan 2500 dan ortiq tashqi yozuvlarning (peshlavha, reklama va boshqa eʼlon, axborot matnlar) toʻliq davlat tiliga muvofiqlashtirildi, — deydi tuman hokimining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari boʻyicha maslahatchisi Begali Hamroyev. — Shuningdek, yanvar oyida tuman hududidagi “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga mos kelmaydigan hamda maʼnan eskirgan 94 ta tashqi yozuvlar olib tashlandi. Xorij alifbolaridagi 87 ta tashqi yozuv, 26 ta peshlavha, 8 ta reklama hamda 35 ta boshqa eʼlon va axborotlar lotin alifbosidagisi bilan almashtirilishi taʼminlandi.

Qoʻshimcha qilish joiz, “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun talablari buzilishi holatlarining aksariyati savdo va umumiy ovqatlanish hamda servis va xizmat koʻrsatish sohasi manzillarida aniqlanib, tadbirkorlarga qonun talablari mulkchilik shaklidan qatʼiy nazar barchaga birdek majburiy ekanligi tushuntirildi. Zero, ona tilimiz barchamizniki ekan, uning sofligini taʼminlash ham birdek zimmamizda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер