Ona bor dunyoda yashash boshqacha

18:18 25 Yanvar 2023 Jamiyat
1635 0

Foto: Xalq so‘zi

Buni hayot deydilar

 

Buxoro shahridagi 18-mahalla fuqarolar yigʻini “Nuroniylar” jamoatchilik markazi raisi Shoira Joʻrayeva bilan suhbatlashgan kishi beixtiyor hayot, umr mazmuni, farzandlik burchi haqidagi oʻylar girdobiga botadi.

— Ancha yillar muqaddam keksa bir ayolni doim uyi darvozasi oldida uchratardim, — deydi boy hayotiy tajribaga ega opaxon. — Bir gal “Doim yolgʻiz oʻtirasiz. Farzand, nabiralaringiz yoʻqmi?” deb soʻradimu, bergan savolimdan xijolat tortib qoldim.

“Yolgʻiz oʻgʻlim bor, anavi hovlida turadi, - deya chuqur xoʻrsingan koʻyi onaxon roʻparadagi hashamatli uyni koʻrsatdi.- Toʻrt nafar nevaram ham bor. Ammo...”

Maʼlum boʻlishicha, onaxon oʻgʻlini otasiz, ammo biror narsaga zoriqtirmay oʻstirgan. Oʻqitgan. Uylantirgan. Lekin kelini kunora janjal chiqargan. Oʻgʻilni onaga qayragan. Shunda onaizor qoʻlidagi bor pulni oʻgʻliga berib, roʻparadagi uy-joy uchun ajratilayotgan yerda imorat tiklashni maslahat bergan. Tadbirkorlik ortidan durustgina sarmoya topayotgan oʻgʻil dangʻillama hovli qurgan va bola-chaqasi bilan koʻchib chiqqan. Onaizor esa nurab borayotgan doʻppigina hovlida yolgʻiz qolgan.

— “Oʻgʻlim avvaliga kunora, keyin esa hafta-oʻn kunda mendan xabar oladigan boʻldi”, deya mahzun hikoyasida davom etgandi onaxon, — deydi Shoira opa. — “Kelganda ham shoshib kelib, shoshib ketardi. Keyinchalik qorasini ham koʻrsatmaydigan odat chiqardi. Ishonsangiz, kechalari deraza oldida, kunduz esa darvoza oldida turib yoʻlini poylayman.Nima qilay, sogʻinamanda...” deydi shoʻrlik. Oʻshanda onaxonga tasalli berdimu, anchagacha oʻzimga kelolmay yurdim. Nahotki, hayotda shunday toshbagʻir, bemehr farzandlar boʻlsa?! Yaqinda oʻsha koʻchadan oʻtayotib, onaxon yashagan hovliga bir qur razm soldim. Uy nurab, xarob holga tushibdi. Meni taajjubga qoʻygani shuki, roʻparadagi dangʻillama hovli ham koʻrimsiz, taʼmirtalab ahvolda. Aytmoqchi, onaxon yashagan uy darvozasi oldida nogironlik aravachasida turgan aftodahol bir kishiga ham koʻzim tushdi. Qiziqish ustunlik qilib, shu hududda yashayotgan qarindoshlarimizdan soʻrab koʻrdim. Ularning aytishlaricha, onaxon allaqachon dunyodan oʻtgan. Shundan soʻng negadir tadbirkor oʻgʻilning ishlari ortga ketib, biznesi kasod boʻlibdi. Bu ham kamlik qilganiday, insultga chalinibdi. “Hozir joniga nogironlik aravachasi kirgan. Bolaligi kechgan, onasi yoʻlini poylab chiqqan uy darvozasi oldida borib soatlab oʻtiradi”, deyishdi. Demak, oʻsha koʻrganim oʻsha onaizorning oʻgʻli ekanda. Qaytar dunyo deganlari naqadar haqa!!

Bu mahzun hikoyani eshitib, ayrim yoshlarga qarata “Onaning duosini olib qoling. Volidangizni rozi qiling. Zero, dunyodagi hech bir ONA farzandiga yomonlikni ravo koʻrmaydi”, deging keladi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер