Ommaviy tibbiy koʻriklar doirasida surxondaryolik bemorlarda buyrak transplantatsiyasi oʻtkazildi
Buyrak – inson organizmida oʻta muhim vazifani bajaradi. Agar ushbu aʼzoning faoliyati buzilsa, bemor salomatligida jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.
Xususan, surunkali buyrak yetishmovchiligi (terminal bosqichi) ana shunday ogʻir xastaliklardan biridir. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu kasallikka chalingan insonlarning turmush tarzi, kun tartibi, hayot sifati boshqa bemorlarnikidan tubdan farq qiladi.
Ularning aksariyati gemodializ muolajasini olib yurishga majbur. Bemor haftasiga 3-marta, 3-4 soatdan gemodializ zalida boʻlishi uning koʻpgina hayotiy yumushlardan chetlanishiga sabab boʻladi. Shu boisdan mazkur holatda buyrak transplantatsiyasi yagona va samarali davolash usuli hisoblanadi.
Soʻnggi yillarda yurtimiz tibbiyotidagi ijobiy oʻzgarishlar sababli bugun ushbu murakkab jarrohlik amaliyoti Oʻzbekistonning oʻzida, mahalliy shifokorlarimiz tomonidan muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Ixtisoslashgan tibbiy xizmatning aholiga yanada yaqinlashi natijasida esa buyrak koʻchirib oʻtkazish operatsiyasi yurtimizning olis hududlarida ham oʻtkazilyapti.
Shu kunlarda Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan Surxondaryoda boʻlayotgan ommaviy tibbik koʻriklar doirasida Viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazida bir qancha ogʻir bemorlarda ana shunday amaliyotlar bajarildi.
Bemor — Mehriniso Pardayeva — 36 yoshda. Qiziriq tumanining Istiqlol mahallasidan. Unga surunkali buyrak yetishmovchiligi terminal bosqichi tashxisi qoʻyilgan. Bemor bu darddan oʻn yildan beri azob chekadi. Ikki yildirki, gemodializ muolajalarini oladi.
Mehrinisoning taʼkidlashicha, u poytaxtga borib, murakkab operatsiya orqali sogʻayishni niyat qilgandi. Ammo bunga hojat qolmadi. Toshkentdagi Xirurgiya markazi mohir jarrohlarining oʻzi Termizga kelib, transplantatsiya amaliyotini oʻtkazishdi.
Bemorga 31 yoshli singlisi Yulduz Pardayeva bir buyragini berdi. Yuqori texnologik muolaja muvaffaqiyatli oʻtdi. Hozir Mehrinisoning ham, donorning ham ahvoli yaxshi, shifokorlar nazorati ostida salomatligi tiklanmoqda.
Viloyatda oʻtkazilayotgan ommaviy tibbiy koʻriklar doirasida angorlik 27 yoshli Zaynab Nortojiyevada ham buyrak koʻchirish amaliyoti bajarildi. Donor begona emas — unga otasi, 52 yoshli Doniyor Nortojiyev bir buyragini berdi.
Shifokorlarning taʼkidlashicha, bemor oʻtgan yildan beri gemodializ muolajasini oladi. Ayni vaqtga kelib, tashxis terminal bosqichga oʻtgani sababli uni sogʻlom hayotga qaytarishning yagona usuli sifatida buyrak koʻchirib oʻtkazish amaliyoti tavsiya etilgan.
Hozir Z.Nortojiyeva transplantolog mutaxassislar tibbiy kuzatuvi ostida boʻlib turibdi. Uning buyrak faoliyati tiklanishida ijobiy oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Shuningdek, bemorga donorlik qilgan otasi D.Nortojiyevning salomatligi ham yaxshilanib boryapti.
Maʼlumot oʻrnida, Surxondaryoda davom etayotgan ommaviy tibbiy koʻriklar doirasida viloyat tibbiyot muassasalarida endoprotezlash, kardioxirurgik, neyroxirurgik va oftalmologik yoʻnalishlarda ham qator yuqori texnologiyali murakkab jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring