“Omikron”ning yangi versiyalarini davolash standartlarini oʻzgartirishga hojat yoʻq — JSST
Foto: Illustrativ foto
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bayonotiga koʻra, dunyo boʻyicha 90 mamlakatda “omikron” shtammi BA.5 subvariatining 50 mingdan ortiq variatsiyasi roʻyxatga olingan.
Xususan, BF.7 versiyasi AQSH, Belgiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Hindiston va boshqa qator davlatlarda aniqlangan. U isitma, yoʻtal, tomoq ogʻrigʻi kabi “omikron”ning boshqa mutatsiyalariga xos belgilar bilan namoyon boʻlmoqda. Qolaversa, baʼzi bemorlarda qusish va diareya kuzatilyapti.
Buyuk Britaniya Sogʻliqni saqlash departamenti oktyabr oyida BF.7 ni eng xavotirli variantlardan biri, deb atagandi. Biroq noyabrda oʻtkazilgan brifingda ushbu kichik shtammning oʻsish dinamikasi past boʻlgani taʼkidlandi.
Tahlillarga koʻra, “omikron”ning BA.5 dan BF.7 gacha boʻlgan subversiyalari yuquvchanligi yuqori. Ammo “delta” shtammiga nisbatan asoratlari biroz yengilroq.
JSST mazkur yangi mutatsiyalar “omikron”ning boshqa versiyalariga oʻxshashligi tufayli dunyo mamlakatlari sogʻliqni saqlash tuzilmalariga kasallikni davolash standartlariga hech qanday oʻzgartirish kiritmaslikni tavsiya etadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring