Ombudsmanning Qoraqalpogʻistondagi mintaqaviy vakili nogironligi boʻlgan shaxslar murojaatlarini oʻrgandi
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) oʻz faoliyatida aholining huquqiy xabardorligini oshirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Chunki, Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar tahlili soʻnggi yillarda aholining ijtimoiy himoyasini mustahkamlash, yashash sharoitlarini yaxshilash borasidagi islohotlardan xabardor etish zarurligini koʻrsatmoqda. Shuning uchun 2022-yildan eʼtiboran respublikaning chekka hududlarida mahallalar kesimida fuqarolarga yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan aholi xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ombudsman maktabi” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili tomonidan Nukus shahrida “Ombudsman maktabi” tadbiri oʻtkazildi. Unda ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash va ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida qabul qilingan qonun hujjatlarining mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi, Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi, “Madad” nodavlat notijorat tashkiloti hamda “Nogironlar jamiyati” vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollariga atroflicha javob berildi va ularning takliflari eshitildi.
Tadbir yakunida Ombudsmanning Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi mintaqaviy vakili J.Shlыmbetov fuqarolar qabulini oʻtkazdi.
Qabulda 40 nafardan ortiq fuqarolar murojaat qilishdi. Ularda asosan bepul davolanishi uchun order olish, sogʻligʻini tiklash uchun dori-darmonlar, nogironlik nafaqasini olish, nogironlik aravachasini olib berish, uy-joy, moddiy yordam berish masalalari koʻtarildi.
Qabulda 6 nafar fuqaroning murojaati joyida hal etildi va 38 ta murojaat nazoratga olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring