“Oltin talvasasi”ning salbiy oqibatlari

10:19 15 Iyul 2020 Jamiyat
2453 0

Ming yillardan buyon oltin boylik, moliyaviy qudrat ramzi boʻlib kelmoqda. Dunyo davlatlarining kuch-qudrati ham koʻp hollarda ularning nechogʻlik mana shu qimmatbaho tabiiy boylikka ega ekanliklari bilan baholanadi.

Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda ham 100 ga yaqin oltin konlari mavjud boʻlib, ularning aksariyatida “Navoiy kon metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va “Olmaliq kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati qazish ishlarini olib boradi.

Shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarning yakka tartibda oltin qazish ishlari bilan shugʻullanishlari uchun ham qonuniy jihatdan shart-sharoitlar yaratilgan.

Ammo, respublikamizda noqonuniy ravishda oltin qazib oluvchilar ham borki, ular asosan Navoiy viloyatining Navbahor, Nurota, Tomdi, Uchquduq va Xatirchi tumanlarida, Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlarida hamda Ohangaron tumanida, Samarqand viloyatining Paxtachi va Qoʻshrobod tumanlarida uchraydi.

Maʼlumotlarga koʻra, 2018-2019-yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tarkibida oltin moddasi boʻlgan rudalarni noqonuniy qazib olish bilan bogʻliq 220 ta holat aniqlangan, 125 nafar shaxsga nisbatan 42 ta jinoyat ishi hamda 276 nafar shaxsga nisbatan 186 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatilgan.

Tahlillarga koʻra, noqonuniy uyushgan guruhlar tomonidan har yili koʻp miqdorda oltin qazib olinib, qora bozor orqali savdoga chiqariladi.

Eng yomoni, ularning texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilmasliklari natijasida yer osti oʻpirilishlari sodir boʻlib, oqibatda inson oʻlimiga olib keladi. Jumladan, 2018-2019-yillarda 19 nafar shaxs ana shunday vaziyatda ayanchli oʻlim topgan.

Noqonuniy qazib olingan oltinlardan keyinchalik zargarlik buyumlari yasaladi va mahsulot mahalliy bozorlarda sotuvga chiqariladi, shuningdek, kontrabanda yoʻli bilan xorijga, asosan, Hindiston davlatiga olib borib sotiladi.

Jumladan, 2019-yilning sentyabr oyida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent xalqaro aeroportida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida 8,5 mlrd soʻmlik umumiy ogʻirligi 11 kg.dan ortiq zargarlik buyumlarining Hindistonga olib chiqib ketilishiga chek qoʻyildi.

Tadbir doirasida tilla buyumlarni olib chiqib ketayotgan 37 nafar yoʻlovchi, shuningdek, jinoiy guruhning 5 nafar tashkilotchisi hamda zargarlik buyumlari tayyorlash va qimmatbaho metallarga ishlov berish sexlarining 11 nafar egalari ushlandi.

Joriy yilning 1-yanvaridan 10-iyuniga qadar boʻlgan davr mobaynida esa DXX va IIV saʼy-harakatlari bilan noqonuniy oltin qazib olish bilan bogʻliq 65 ta holat aniqlandi. Xususan, Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 25 ta, Tomdi tumanida 11 ta, Nurota tumanida 5 ta, Uchquduq tumanida 4 ta, Navbahor tumanida 2 ta, Samarqand viloyatining Qoʻshrabot tumanida 7ta hamda Jizzax viloyatining Gʻallaorol tumanida 11ta holat kuzatildi. 145 nafar shaxs qoʻlga olinib, ularga nisbatan 4 ta jinoyat ishi va 43 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davomida tarkibida “999” probali, taxminiy qiymati 1 mlrd soʻmlik 2 kg 102 gr. oltin boʻlgan 98,5 tonna ruda musodara qilindi. Jinoyat quroli sifatida 2 ta «Kamaz» avtomashinasi, 6 ta «Niva» avtomobili, 3 ta «Ford» va «Gazel» mikroavtobuslari olib qoʻyildi.

Shuningdek, joriy yilning dastlabki 5 oyi mobaynida DXX xodimlarining ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda oʻtkazgan tezkor tadbirlari natijasida Toshkent viloyatining Angren va Olmaliq shaharlari hamda Ohangaron tumani hududlarida 26 ta ana shunday holat fosh etildi. 51 nafar shaxs qoʻlga olinib, ularga nisbatan 5 ta jinoyat ishi va 18 ta maʼmuriy ish qoʻzgʻatildi.

Xalqimizda koʻza kunda emas, kunida sinadi degan gap bor. Ayni vaqtda bunday noqonuniy ish bilan shugʻullanayotganlar javobgarlikdan qutulib qolaman desalar, adashadilar, jinoyatga jazo muqarrarligi hayotning sinalgan haqiqatidir.

Oltin izlovchilarga kelgusida oʻz faoliyatlarini qonun doirasida, rasman ruxsat olgan holda amalga oshirishlarini tavsiya etardik. Zero, ana shunda hech qanday hadik-xavotirsiz, texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilgan holda ishlab, boʻlishi mumkin boʻlgan turli xil koʻngilsiz hodisalarning oldini olgan boʻlar edilar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер