“Oltin qalam” — ham ragʻbat, ham eʼtirof
Ushbu tanlov yanada ochiq va shaffof oʻtkazilishi kerak.
“Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyati 2022-yil “Oltin qalam” XVI Milliy mukofoti uchun oʻtkazilgan tanlovda bosma nashrlar ichida “Eng yaxshi jurnalistik material uchun” nominatsiyasi boʻyicha 1-oʻringa sazovor boʻldi. Tahririyat ijodiy jamoasi mazkur mukofotni nafaqat yurtimizda olib borilayotgan islohotlarni xolisona yoritishga qaratilgan faoliyatining yuksak eʼtirofi, balki ommaviy axborot vositalariga berilayotgan alohida eʼtiborning yaqqol namunasi sifatida qabul qildi.
Bizning davrimiz “axborot asri” deb nomlanishi bejiz emas. Chunki aynan axborotga egalik qilish va uni tarqatish vositalarining rivojlanishi boshqa sohalarning ham jadal taraqqiy etishiga sabab boʻldi. Tarixga nazar solsak, bashariyat soʻnggi 100 — 150-yil davomida misli koʻrilmagan darajada taraqqiy topganiga guvoh boʻlamiz. Insonlarning ming yillar davomida deyarli oʻzgarmagan turmush tarzi oxirgi bir yarim asr ichida mutlaqo yangicha koʻrinish, yangicha mazmun-mohiyat kasb etdi. Asrlar davomida bir-birlariga maktubni kabutarlar yordamida yetkazgan odamlar bugun telefoniga oʻrnatilgan messenjerlardan foydalanmoqda, dunyoning turli burchaklarida turib, bir-birlari bilan videochatlar orqali bevosita suhbat qurishyapti.
Xoʻsh, mana shu oʻzgarishlarga nima sabab boʻldi? Qanday omil insoniyat taraqqiyotini bu qadar jadallashtirib yubordi? Eʼtibor bersak, bu jarayonlarga aynan ommaviy axborot vositalarining rivojlana boshlashi katta turtki berganini koʻramiz. Avvaliga bosma nashrlar, keyinchilik radio va televideniye, bugungi kunga kelib esa ijtimoiy tarmoqlar global miqyosda ulkan hajmdagi matnli, audio va video-axborotni tarqatmoqda. Bugungi zamondoshimiz mashhur filmdagi “Girmon deganlari uch boshli ajdaho emish”, deb oʻtiradiganlar toifasidan emas. Vaholanki, filmda bundan nari borsa bir asrdan koʻproq vaqt oldingi voqealar tasvirlangan.
Biz bugun uyda oʻtirgan holda butun dunyoda yuz berayotgan voqea-hodisalardan xabardor boʻlishimiz, kerak boʻlsa, ularning barcha tafsilotlari haqida maʼlumot olishimiz, turli mamlakatlarda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalari bilan tanishishimiz, zarur xulosalar chiqarishimiz mumkin. Aynan shu imkoniyat tufayli insoniyat bugungi kunga kelib, misli koʻrilmagan taraqqiyot darajasiga erishdi. Bu imkoniyatni unga ommaviy axborot vositalari berdi.
Mazkur jarayonlar bugungi kunda dunyoning eng taraqqiy etgan davlatlari joylashgan Yevropa qitʼasi va Amerika Qoʻshma Shtatlarida jurnalistika rivoji bilan chambarchas bogʻliq holda boshlandi. XX asr arafasidayoq bu mamlakatlarda har bir ziyoli inson uchun ish kunini gazeta oʻqishdan boshlash odatiy holga aylangandi. Matbuotga boʻlgan eʼtibor, axborotga tashnalik bu davlatlarni taraqqiyotning mutlaqo yangi bosqichiga olib chiqdi. Aynan shu davrda — 1903-yilda media-magnat Djozef Pulitser tashabbusi bilan Amerika Qoʻshma Shtatlarida jurnalistlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan mukofot taʼsis etildi va u bugungi kungacha jurnalistika taraqqiyotiga hissa qoʻshib kelmoqda.
Shular haqida oʻylar ekanmiz, ayni paytda mamlakatimizda jurnalistika sohasini rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor, soʻz erkinligini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlar koʻp oʻtmay oʻzining ijobiy natijalarini albatta koʻrsatadi, deya ishonch bilan ayta olamiz.
Bugungi kunda milliy jurnalistikamiz jamiyat koʻzgusiga aylanib bormoqda. Mamlakat hayotida roʻy berayotgan barcha voqea-hodisalar hech qanday toʻsiqlarsiz, xolisona yoritilishi uchun shart-sharoitlar yaratib berilyapti. Binobarin, nufuzli “Chegarasiz reportyorlar” xalqaro tashkiloti tomonidan yuritiladigan Soʻz erkinligi indeksining 2022-yilgi reytingida Oʻzbekistonning pozitsiyasi bir yil ichida 24 pogʻonaga koʻtarildi. Bu, shubhasiz, mamlakatimizda soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini chinakam “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarning dastlabki natijalaridan biridir.
Yaqinda Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda ularga soliq imtiyozlari berish, davriy bosma nashrlarning obunasi uchun byudjet mablagʻlarini yoʻnaltirish, zamonaviy elektron shakllarini yaratish, eng yaxshi tele va radiomahsulotlar uchun tanlov eʼlon qilish, jurnalistika sohasiga kadrlar tayyorlash jarayonini amaliyot bilan integratsiyalash, jurnalistlarning xorijda malaka oshirishini tashkillashtirish, ijtimoiy buyurtmalar soni va miqdorini oshirib borish, zamonaviy media shaharchalar qurish va boshqa bir qator chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.
Hujjatda, ayniqsa, “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan oʻtkazishga eʼtibor qaratish belgilanganligi tanlov nufuzini yanada oshiradi.
Qarorga muvofiq, sovrindorlarni ragʻbatlantirish bundan-da kengayadi. Jumladan, bosh milliy mukofot uchun avtomobil beriladi. Birinchi oʻrin sohibi bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari, ikkinchi oʻrinni olgan bazaviy hisoblash miqdorining 175 baravari, uchinchi oʻrin egasi bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar soni va ularning gʻoliblarini taqdirlash ham yanada kengayadi. Xususan, 12 ta ragʻbatlantiruvchi nominatsiyaning har biriga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari tengi bir martalik pul mukofoti ajratiladi.
Ragʻbatlantirish koʻlamining oshgani jurnalistlarning tanlovga boʻlgan qiziqishini yanada kuchaytirishi tabiiy. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi bahs-munozaralarda ham koʻrib turibmiz. Har kim har xil fikr bildirishi mumkin, ammo shu narsa aniqki, tanlovga eʼtiborning oshgani hakamlar hayʼatining masʼuliyatini yanada kuchaytiradi.
Qarorda tanlovni demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq va shaffoflik bilan oʻtkazishga eʼtibor qaratish bejiz belgilab qoʻyilmagan. Ana shu talab asosida tanlov nizomi qayta koʻrib chiqilishi, tahrirlanishi ayni muddao boʻlar edi. Xususan, tanlov ishtirokchilari taqdim etayotgan ishlar bilan keng jamoatchilik xabardor qilinsa, yurtdoshlarimiz ularni baholashda oʻz fikr-mulohazalari, tahlillari va tanqidlari bilan qatnashsa, shaffoflik yanada oshadi. 2022-yilgi tanlovda bu borada birinchi qadamlar qoʻyilganini faqat olqishlash mumkin.
Shuningdek, tanlov hakamlari hayʼati faoliyatida ham ochiqlikni yanada oshirish talab etiladi. Shu maqsadda har bir daʼvogar nomidan taqdim etilgan materiallar boʻyicha chiqarilgan xulosalarni keng jamoatchilikka maʼlum qilish tizimini yoʻlga qoʻyish mumkin. Hakamlar tarkibi har yili yangilanishi, baholashda ishtirok etgan kishining muayyan vaqt oraligʻida hayʼat aʼzoligiga qayta kiritilmasligi qatʼiy belgilab qoʻyilsa yaxshi boʻlardi. Bu gʻoliblarni aniqlashda bir yoqlama yondashuvning oldini olishda muhim oʻrin tutadi.
oʻoliblikka nomzod haqida u faoliyat yuritayotgan tashkilot, xususan, tahririyat rahbariyatining tavsiyasi masalasi koʻp munozaralarga sabab boʻlmoqda. Kimdir nomzod haqida u ishlayotgan jamoa fikr bildirishi shart emas, desa, yana kimdir aksini aytadi. Gap shundaki, jurnalistning qanday salohiyatga egaligi va qanday ragʻbatga munosibligini birga ishlayotgan hamkasblari yaxshi biladi. Koʻp holatlarda haminqadar yozilgan maqolalar bir necha “qoʻl”dan oʻtib, sayqallanib, shundan soʻnggina sahifaga qoʻyiladi. Imzo esa oʻzgarishsiz qoladi. Shu bois tahririyat jamoasining fikrini inobatga olish tanlovda adolatlilikni yanada oshiradi.
Shu oʻrinda “Oltin qalam” Milliy mukofoti boʻyicha avval ham bildirgan bir taklifimni takrorlab oʻtmoqchiman. Maʼlumki, ommaviy axborot vositalarining faoliyati faqat maqola yozishdangina iborat emas. Masalan, gazetaning bir soni dunyo yuzini koʻrishida unga muxbirlardan tashqari yana qanchadan-qancha xodimlarning mehnati singadi. Xususan, gazeta original maketi va dizaynini tayyorlash haqiqiy ijodiy jarayon. Bu ish bilan shugʻullanayotganlar — jurnalistika sohasining chinakam fidoyilari. Ishonchim komil, mana shunday kasb egalari radio va televideniyeda ham juda koʻp. Shunday ekan, “Oltin qalam” Milliy mukofoti gʻoliblari taqdirlanayotganda loaqal bitta nominatsiya bilan ularning ham mehnati eʼtirof etilsa, nur ustiga nur boʻlardi.
Albatta, haqiqiy ijodkor biror mukofot ilinjida nimadir yaratmaydi. U koʻngil amrini bajaradi, xolos. Yoki zimmasidagi vazifani baholi qudrat uddalash uchun yonib mehnat qiladi. Tunlarni tongga ulaydi. Jumladan, jurnalist yozgan maqolasi, tayyorlagan telekoʻrsatuv yoki radioeshittirishi xalqqa manzur boʻlsa, oʻzini baxtli his qiladi. Xalqning eʼtirofi — uning uchun eng oliy mukofot!
Shu maʼnoda, “Oltin qalam” Milliy mukofoti uchun jurnalist oʻzini oʻzi tavsiya etishi, yumshoq qilib aytganda, gʻalati holat. Har qanday soha boʻyicha mutaxassis biror-bir grant yoki loyihani yutib olish uchun oʻz ishlarini, hozirgi til bilan aytganda, portfoliosini taqdim etishi mumkin. Lekin mukofot uchun oʻz nomzodini oʻzi koʻrsatmaydi. Shunday ekan, “Oltin qalam” Milliy mukofotiga ham nomzodlarni u ishlayotgan ijodiy jamoa yoki keng jamoatchilik ilgari surgani toʻgʻriroq boʻladi. Etika nuqtayi nazaridan ham aynan shunisi maʼqul. Shundagina ushbu tanlovdagi gʻoliblik xalqning eʼtirofi, eʼzoz-ehtiromi ramziga aylanadi. Ijodkorlar bor kuch-salohiyatini tanlovda gʻolib boʻlish uchun emas, avvalo, xalqning qalbiga yoʻl topish, orzu-umidlarini roʻyobga chiqarishga safarbar etadi. Ijodiy izlanadi, kasb mahoratini muntazam oshirib boradi, eng dolzarb mavzularni koʻtarib chiqishga intiladi. Pirovardida faqat oʻz kasbiga fidoyi boʻlgan, jurnalistikani hayotining mazmuni deb bilgan insonlargina bu milliy mukofotni qoʻlga kiritadi.
Jamoliddin TOʻXTASHEV (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring