Oltiariq uzumi dunyo brendiga aylanadi
Foto: president.uz
Bobom Oltiariqda mashhur uzumchi sifatida tanilgan edi. Aqlimizni tanib, bobo va otamning qavatida turib, uzum yetishtirish sir-asrorlarini oʻrgandim.
Bu borada keyingi yillarda yaratilgan qulay sharoitlardan foydalanib, uzumzorlar yaratdim. Qapchugʻayning qir-adirlarida ming gektar yerda ish boshlangach, oʻzim barchasiga bosh-qosh boʻldim. Uzumning “Husayni”, «Mers», «Rizamat ota» singari eng xaridorgir navlari ekildi. Endilikda bu yerda uch mingdan ziyod yoshlar doimiy ishli boʻlishini oʻylasam, barcha qiyinchilik va mashaqqatlar esdan chiqadi.
Prezidentimiz tumanimizga tashrif buyurgan chogʻida biz bilan suhbatlashib, yanada yangi yutuqlar sari ragʻbatlantirdi. Oltiariq uzumini dunyo brendiga aylantirish borasida astoydil harakat qilishimiz kerakligini taʼkidladi.
Davlatimizning rahbarining “Oltiariq xalqi juda mehnatkash. Oltiariqning tuprogʻi oltin. Yer bilan tillashish va dillashish borasida tuman ahlida katta hayotiy tajriba bor. Buni ilm bilan, innovatsiya bilan yanada rivojlantirish kerak”, degan soʻzlari qalbimizga olov yoqdi. Kuchimizga kuch, gʻayratimizga gʻayrat qoʻshdi.
Ayni paytda dunyo bozorlarni zabt etish harakatidamiz. Shu maqsadda Hindistondan serhosil, uzoq muddat saqlashga yaroqli uzum navini olib kelib, mahalliylashtirish ustida izlanishlar olib bormoqdamiz. Osiyo, Arab davlatlariga uzum eksport qilish imkoniyatlari oʻrganilyapti.
Yaqin yillarda Oltiariq uzum jahon bozorida brend mahsulotlardan biriga aylanishiga ishonamiz. Buning uchun imkoniyatimiz ham, shunga yarasha salohiyatimiz ham yetarli.
Isaqjon BOYMATOV,
Oltiariq tumani,
Fargʻona viloyati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring