Olot va Qorakoʻl tumanlaridagi 11 mingta xonadonga elektr energiyasi taʼminoti qayta tiklandi

20:20 06 May 2020 Jamiyat
1691 0

Xabar qilib borayotganimizdek, 27-aprel kuni yopirilgan behad kuchli shamol, sharros quygan yomgʻir Buxoro viloyatidagi infratuzilma obyektlari, turarjoylarga ziyon yetkazibgina qolmay aloqa tizimi, jumladan, elektr energiyasi taʼminotida jiddiy muammolarni yuzaga keltirdi. Maʼlumotlarga qaraganda, talafot oqibatida 1816 ta transformator ishdan chiqqan, 4311 ta tayanch ustun singan yoki pastga agʻdarilgan,8160,3 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlarining simlari uzilgan.

— Tabiatning kutilmagan bu zarbasi oldida jamoamiz esankirab qolmadi, — deydi “Buxoro HTEK” aksionerlik jamiyatining matbuot xizmati boʻyicha kotibi Behruz Abdurasulov. — Ishchi-xodimlarimiz zudlik bilan davlatimiz rahbarining tegishli topshirigʻiga asosan, hamjihatlik asosida talafot oqibatlarini bartaraf etishga kirishdilar.Bu dolzarb ishga 121 ta taʼmirlash brigadasi, 188 ta texnika jalb etildi.
 

Natijada Vobkent, Gʻijduvon, Kogon, Qorovulbozor, Shofirkon, Buxoro tumanlari va Buxoro shahrida talafot qisqa muddat ichida bartaraf qilindi va isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash yoʻlga qoʻyildi. Romitan va Peshku tumanlarida bu boradagi yumushlar yakunlanish arafasida.

Sir emas, ofat Olot hamda Qorakoʻl tumanlariga eng koʻp zarar yetkazdi. Masalan, Olotda havo elektr liniyalari 100 foiz shikastlandi. 1062 kilometr uzunlikdagi bu liniyalarning hozirgacha 35 foizdan ziyodi taʼmirlandi. 324 ta yangi tayanch ustunlar oʻrnatildi. Zararlangan 384 ta transformatorning 102 tasi taʼmirlandi. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida 4663 xonadonga elektr energiyasini yetkazib berish yoʻlga qoʻyildi.

— Qorakoʻl tumani misolida ham xuddi shunga oʻxshash dalillarni keltirish mumkin, — deydi “Buxoro HTEK” AJ bosh muhandis oʻrinbosari Zohir Rustamov.— Masalan, tuman boʻyicha 312 ta yangi tayanch ustunlar oʻrnatildi. Zararlangan 402 ta transformatorning 85 tasi taʼmirlandi. Pirovardida 6302 xonadonga elektr energiyasi yetkazib berildi.
 

Aytish joizki, shu kunlarda har ikkala tumanda avariya – tiklash ishlari bir zumga ham susaygani yoʻq. Chunki elektr energiyasi taʼminoti qayta tiklanishini intiq kutayotgan mahalla, qishloqlar hali koʻp. Energetiklar shu masʼuliyatni his etgan holda bir yoqadan bosh chiqarib ishlashyapti. Fuqarolardan esa faqat ozgina sabr-toqat talab qilinyapti, xolos. Zero, qiyinchiliklar ortda qoladi. Ortda qolyapti ham.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер