Olis va chekka hududlar tezkor internet va sifatli aloqa xizmati bilan taʼminlanadi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholini tezkor internet hamda sifatli aloqa bilan taʼminlash boʻyicha juda katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Respublika OAVda mazkur natijalar yetarlicha yoritilganligi sababli, men mazkur maqolamda ularga toʻxtalmaslikni lozim topdim. Lekin shunga qaramasdan, aholini sifatli internet va aloqa bilan taʼminlashda bizda muammo borligini ham hammamiz bilamiz. Xoʻsh, bu muammo nimadan iborat?
Mamlakatimizning kattayu kichik shaharlarida, tuman hududlarining aksariyat qismida internet va telefon aloqasi bilan bogʻliq muammolar yoʻq. Ushbu hududlarda yashovchi aholida bunday muammo mavjud emas, ularda koʻplab operator va provayderlar ichidan oʻzlariga maqbul boʻlganlarini tanlash imkoniyatlari ham bor. Lekin mamlakatimizning ayrim olis va chekka hududlarida telekommunikatsiya infratuzilmasi yetib bormagan joylarda internet va aloqada muammolar bor. Bunday hududlar, albatta, koʻp emas. Demak, mazkur masala ham oʻz yechimini topishi zarur. “Uning yechimi qanday boʻladi?» degan savol oʻz oʻzidan paydo boʻladi. Iqtisodiy jihatdan hisob-kitoblar hamda xorijiy tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, bunday muammoning eng maqbul yechimi bu yoʻldosh aloqa tizimlaridan ushbu hududlarda foydalanishni yoʻlga qoʻyishdir.
Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari tomonidan bir nechta hujjatlar qabul qilindi.
Mazkur hujjatlarga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida yoʻldosh aloqa tizimlaridan foydalanish boʻyicha yigʻim va davlat bojlari miqdorlarini kamaytirish hamda ularni toʻlash tartibini takomillashtirish koʻzda tutilgan.
Dunyoda yoʻldosh aloqa tarmoqlarining jadal surʼatlar bilan rivojlanib borishi, mazkur sohada yangi texnologiyalarning joriy etilishi olis va chekka hududlarni internet hamda aloqa qamrovi bilan taʼminlash boʻyicha yangi texnologik imkoniyatlarni yaratmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasida bugungi kunda mahalliy yoʻldosh aloqa tarmogʻining yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmasligi natijasida respublikaning togʻli va olis hududlarida internet va aloqa qamrovini taʼminlashda bir qator qiyinchiliklar vujudga kelmoqda. Biroq mahalliy yoʻldosh aloqa tarmogʻining keng koʻlamda yoʻlga qoʻyilishiga ushbu aloqa tarmogʻi uchun qonunchilikka asosan, xalqaro telekommunikatsiya tarmoqlari uchun katta miqdorda davlat boji toʻlanishi zarurligi, olib borilayotgan islohotlarning keyingi rivojiga toʻsiq boʻlmoqda. Mazkur masalani hal etish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan boʻlib, shu kunlarda fraksiyalarda muhokama qilinishi rejalashtirilgan.
Qonun loyihasida mahalliy yoʻldosh aloqa tarmogʻini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va xizmatlar koʻrsatish uchun mavjud davlat bojlarini kamaytirish orqali mahalliy yoʻldosh aloqa turlarini koʻpaytirish va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun keng imkoniyatlarni yaratish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasida taklif etilayotgan normalar mahalliy yoʻldosh aloqaning yanada rivojlanishiga va tadbirkorlik faoliyati subyektlari uchun keng koʻlamli imkoniyatlar vujudga kelishiga, ularning yoʻldosh aloqa tarmogʻini qurish uchun zarur xarajatlari kamayishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasining qabul qilinishi Oʻzbekiston Respublikasi hududida zamonaviy yoʻldosh aloqa tizimlaridan foydalanish uchun ruxsat berish tartibini belgilab beradi. Shuningdek, respublikamiz hududiga yoʻldosh aloqa tizimlari uskuna va terminallarining qonuniy asosda olib kirish va foydalanishga imkoniyatlar yaratib beradi. Yoʻldosh aloqa tizimlarini qonuniy asosda tezkor-qidiruv tadbirlari tizimlariga ulanish masalalari huquqiy yechimini topadi, respublikada global koʻchma yoʻldosh aloqa tarmoqlari xizmatlaridan (Starlink, Globalstar, OneWeb, Thuraya, Iridium, Inmarsat va boshqalar) qonuniy asosda, xavfsizlik talablarini bajargan holda foydalanish imkoniyatlari yaratiladi hamda ulardan noqonuniy foydalanishga ehtiyoj qolmaydi. Eng asosiysi, yoʻldosh aloqa tizimlaridan uzoq va borish qiyin aholi maskanlarida, aholi yashamaydigan, chegara oldi hududlarda, favqulodda holatlarda foydalanishga shart-sharoitlar yaratiladi.
Koʻrinib turibdiki, masala jiddiy va uning yechimi bor. Ushbu yechimni tezroq hal etish maqsadida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarida mazkur qonun loyihasini barcha oʻqishlarda tezroq koʻrib chiqib, uni keyingi jarayonga joʻnatish masʼuliyati turibdi. Oʻylaymanki, bu kabi ezgu maqsadlarni hamkasblarim doim qoʻllab-quvvatlab kelgan va bu safar ham shunday boʻladi.
Natijada, olis va chekka hududlardagi aholimiz ham tezkor internet va sifatli aloqadan bahramand boʻladi!
Baxtiyor Maniyazov,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring