Olis togʻli qishloqda oilaviy poliklinika ish boshladi
Chiroqchi tumanidagi Langar, Taragʻay, Quruqsoy qishloqlari tuman markazidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan. Sohibqiron Amir Temur bobomizning otasi nomi bilan bogʻliq ushbu qadimiy tarixga ega qishloqlarning tabiati juda goʻzal. Toʻrt tomoni purviqor togʻlar bilan oʻralgan soʻlim goʻsha. Bu yerda toʻrt faslning ham oʻzgacha tarovati bor. Ayniqsa, bahor faslida hudud nihoyatda xushmanzara manzilga aylanadi. Ushbu hududdagi Taragʻay turizm qishlogʻi maqomini olgan boʻlib, keyingi yillarda uning iqtisodiy ijtimoiy holati oʻzgarib bormoqda. Yangi yoʻllar, infrastruktura tizimlari yaratilmoqda.
Hududda 4 ta mahallaga birlashgan oʻndan ziyod qishloq mavjud boʻlib, ularda 33 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi.
Ushbu aholi vakillari shu kunga qadar tibbiy xizmat sifati pastligidan qiynalib kelardi. Boisi hududda birorta ham tibbiyot muassasasi yoʻq edi. Biror xastalik boʻlganda olis yoʻl bosib, Qalqama shifoxonasiga yoki undan ham uzoq tuman markazidagi shifoxonalarga qatnashga majbur edi. Ayniqsa, qish- qirovli kunlarda ushbu holat aholi uchun juda noqulaylik tugʻdirardi.
Nihoyat aholining uzoq yillik orzulari amalga oshiriladigan boʻldi. 2,5 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga “Langar” mahallasida “Taragʻay” oilaviy poliklinikasi qurilib, foydalanishga topshirildi.
33 ming nafardan ortiq aholiga xizmat koʻrsatadigan ushbu shifo maskanida 50 nafardan ziyod tibbiyot xodimi faoliyat koʻrsatmoqda. Kunduzgi statsionar davolanish uchun 25 ta oʻrin aholi xizmatida.
Oilaviy poliklinikaga yaqin qishloqlar aholisining uzoq yillik orzulari ushaldi. Endi statsionar davolanish uchun tuman markaziga qatnashning hojati yoʻq. Shu yerning oʻzida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoit va imkoniyat yaratildi. Tibbiyot maskanida hozircha 5 nafar oliy maʼlumotli shifokor ishlayapti. Kelgusida ularning soni yanada koʻpayadi.
Oilaviy poliklinikaning tantanali ochilish marosimida viloyat hokimi Murotjon Azimov va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring