Olimpiada gʻolibasi boʻlgan muallimaga ustama pullari undirib berildi

15:32 16 Avgust 2022 Jamiyat
964 0

Foto: Xalq so‘zi

Maʼlumki, Prezidentimizning 2019-yil 3-mayda qabul qilingan “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida taʼlim muassasalarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar gʻoliblari lavozim maoshiga har oy 150 foiz, asosiy olimpiadalar respublika bosqichi gʻoliblari lavozim maoshiga esa har oy 100 foizlik ustama haq toʻlanishi belgilangan.

Namangan viloyat adliya boshqarmasiga Namangan shahar 6-davlat ixtisoslashtirilgan umumtaʼlim maktabining oʻzbek tili fani oʻqituvchisi Munojat Yuldashevadan ushbu qaror ijrosi bajarilmayotgani yuzasidan murojaat kelib tushdi.

Oʻrganish jarayonida fuqaro 2000-yili respublika fan olimpiadasida davlat tili fanidan 3-oʻrinni egallab, oʻsha yili Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining shu haqdagi guvohnomasini olgani aniqlandi. Biroq uning maoshiga qoʻshilishi kerak boʻlgan yuz foizlik ustama haqlari toʻlanmagan. Amaldagi tartibga koʻra, M. Yuldashevaga 2019-yil 3-maydan 2021-2022 oʻquv yili yakuniga qadar boʻlgan davr uchun jami 79 533 899 soʻm ustama mablagʻlari hisoblanishi kerak edi.

Pirovardida adliya boshqarmasi tomonidan Namangan shahar xalq taʼlimi boʻlimiga taqdimnoma kiritilib, fuqaro M. Yuldashevaga qayta hisoblangan yuqoridagi summaning undirib berilishi taʼminlandi.

Aytish kerakki, keyingi paytlarda taʼlim tizimida mehnatga xaq toʻlashda xodimlar noroziligiga sabab boʻlayotgan holatlar tez-tez kuzatilmoqda. M. Yuldasheva ham Namangan shahar xalq taʼlimi boʻlimidan oʻzining qonuniy haqqini ololmagach, huquqiy idoraga murojaat qilishga majbur boʻlgan.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер