“Oʻlik” normalar chiqarib tashlandi

18:04 04 Fevral 2020 Siyosat
768 0

Parlament quyi palatasining yaqinda oʻtkazilgan navbatdagi majlisida xalq noiblari tomonidan bir qator muhim masalalar koʻrib chiqildi.Shulardan biri —“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasidir.

Majlisda taʼkidlanganidek, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasida, “Ijtimoiy sheriklik toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasi ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini berish, jamoatchilik kengashi tarkibini shakllantirish nazarda tutilgan.

Lekin ushbu qonunlar qabul qilinganidan beri oʻtgan davr mobaynida ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasi berish amaliyoti kuzatilmadi. Natijada sotsial, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni koʻrib chiqish, umumlashtirish, ularni baholash boʻyicha tuzilishi lozim boʻlgan jamoatchilik kengashlari ham amalda ishlamadi.

Shuning uchun ham deputatlar oʻz majlisida ana shu oʻziga yarasha “boʻshliq”ni toʻldirish — davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibini soddalashtirishga qaror qildilar.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonun loyihasi qabul qilinishi davlat ijtimoiy buyurtmasi berish tartibi takomillashishiga, bir davlat boshqaruvi organida oʻxshash va takrorlovchi vazifa hamda funksiyalarga ega boʻlgan jamoatchilik kengashlari tuzilishini nazarda tutuvchi normalar bekor boʻlishiga olib keladi.

Shunda sohada ortiqcha byurokratizmning oldi olinishi, nodavlat notijorat tashkilotlar oʻz faoliyatida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqil boʻlishi taʼminlanishi qayd etildi.
Ziyoda ASHUROVA("Xalq so'zi")

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер