Oliygoh rektori, federatsiya rahbarlari va hokimlar oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Respublikada “Mahalla – maktab – sport muassasasi – federatsiya” zanjiri asosida aholini sportga jalb qilish va seleksiya boʻyicha yangicha yondashuv joriy qilinadi. Bu haqda Davlatimiz rahbari raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida maʼlum qilindi.
Oliygoh rektori, federatsiya rahbarlari va hokimlar oʻrtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi. Bunda hokimlar hududidagi maktab, texnikum va boshqa sport obyektlarida darsdan tashqari vaqtda sport toʻgaraklari tashkil qilish uchun sharoit yaratadi.
Mutasaddilarga 9 mingta mahallani 26 ta federatsiya rahbarlariga bogʻlab, maktablardagi toʻgaraklarni zarur sport anjomlari bilan jihozlash topshirildi.
Sport yoʻnalishidagi oliygohlarning 2- va 3-kurs talabalarining yarmini, 4-kursdagilarning esa barchasini dual taʼlim bilan qamrab olib, murabbiylik qilish uchun toʻgaraklarga yuborish muhim ekani qayd etildi. Bunday talabalarga avtomatik ravishda murabbiylik sertifikati beriladi.
Talabalar haftada uch kun oliygohda oʻqisa, qolgan kunlarda oʻzi biriktirilgan maktablardagi toʻgarakka borib, yoshlarni shugʻullantiradi. Sport toʻgaraklaridagi tushumning 50 foizi murabbiy talabaning oʻziga beriladi.
Shuningdek, dual taʼlim bitiruvchilariga diplom bilan birga hakamlik sertifikatini berish ham yoʻlga qoʻyiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring