Siz parlamentni, 34 millionlik xalq vakillarini ham aldadingiz — Kusherboyev Oliy sud rahbariyatini keskin tanqid qildi

17:59 14 Yanvar 2021 Jamiyat
1418 0

Afsuski bizga kelayotgan murojaatlarning aksariyati sud faoliyati va qarorlaridan norozilik bilan bogʻliq. Va soʻnggi vaqtlarda bu norozilik qatoriga Oliy sud vakillarining fuqarolar uchun qabul eshiklarini yopib, “bizda qabul yoʻq”, degan prinsipda ish tutayotgani ham qoʻshildi, deya maʼlum qilmoqda deputat Rasul Kusherboyev.

“Deputatlar qabulxonasida har kuni «bizni Oliy sud rahbarlari qabuliga kiriting, qabulga kira olmayapmiz”, degan gapni eshitaverish gʻalati boʻlarkan.

“Sudga borgan har bir fuqaro faqat adolat topishiga kafolat beramiz...Har bir insonning taqdirini hal etishda ongimizda – adolat, tilimizda – haqiqat, dilimizda esa poklik ustuvor boʻladi”, deya bagʻrikeng xalqimizga murojaat qilib, Oʻzbekiston sudyalarining boshida turgan idora rahbariyati oʻz xalqining fuqarolarini qabul qilishdan oʻzini tortsaya.

Yaxshiyamki pandemiya bor ekan. Qabulni toʻxtatib qoʻyishga ayni muddao boʻldi. Biroq karantin tartibi yengillashdi, barcha idora va tashkilotlar fuqarolarni sanitariya talablariga rioya etgan holda qabul qilayapti. Lekin Oliy sud nega siz qabul qilmaysiz? Siz oydan tushganmisiz, yo xalqdan ustun oliy irqdanmisiz?

Yaqinda Qonunchilik palatasining yalpi majlisida hatto Spiker N.Ismoilov ham Oliy sudning fuqarolarni qabul qilmayotganligiga eʼtiroz bildirganda Oliy sud raisi oʻrinbosari I.Muslimov qabul masalasida muammo yoʻqligini aytib, vaʼda bergandi. Oʻzim ham bir necha bor Oliy sudga bogʻlandim, muammo yoʻq kelsin fuqarolar deyishdi.

Natija esa viloyatlardan umid bilan kelgan fuqarolar “boring qabul qiladi”, degan gapimizga ishonib, Oliy sud eshigi tagida kun boʻyi sargʻayib vaqtini va ishonchini yoʻqotayapdi.

Oliy sud siz parlamentni, 34 millionlik xalq vakillarini ham aldadingiz. Biz sizdan birgina narsa – oʻz xalqingiz fuqarolarini qabul qilishni, eshitishni soʻradik xolos. Shu ogʻirmi?

Biz sudning chinakam mustaqil boʻlishini istaymiz va bu yoʻlda ularni toʻliq qoʻllab-quvvatlaymiz. Biroq shartimiz - sud davlat idorasiga emas, avvalo fuqarolarning manfaatlariga xizmat qilsin, ularning dardu tashvishlariga quloq tutib, qonunlarga asosan adolatli qaror qabul qilsin. Sud boshidagilar oʻz ishini unutib turizmni targʻibot qilish uchun toqqa borib sudsiz odamlarning uyini oʻzboshimcha, deb prokuror va hokim bilan uylarni buzdirmasin, Oʻzbekistonni dunyoga sharmanda qilmasin!

Qiyin boʻlsa ham adolat yoʻlida ishlayotgan vijdoni borlaridan uzr soʻragan holda fuqarolarni qabul qila olmaydigan Oliy suddagi janoblarga koʻpchilik nomidan oxirgi savol: siz oʻzi kimga xizmat qilayapsiz? (faqat xalqqa, demang iltimos!)

P/S: Bizni populizm va asossizlikda ayblab, idorama-idora shikoyat qilish va faloncha fuqaroni qabul qilib tashladik, degan statistika bilan “reaksiya” qilib, oʻzingizni oqlashdan avval fuqarolarni qabul qilishni boshlang. Mayli shunda biz populist va yolgʻonchi boʻlishga rozimiz, faqat siz fuqarolarni qabul qiling va eshiting», deydi deputat.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер