Oliy Majlis Senati Raisi YTTB prezidenti bilan uchrashdi

17:56 26 Yanvar 2024 Siyosat
648 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Londonga amaliy tashrifi doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno–Basso bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Oʻtgan yili may oyida Samarqand shahrida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32 yillik yigʻilishi muvaffaqiyatli oʻtkazilgani, tadbir keng muhokamalar oʻtkazish va jahon iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim maydonga aylangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Taʼkidlash joiz, oʻtgan 6-yil davomida Oʻzbekiston va YTTB oʻrtasidagi hamkorlik sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi. Bugungi kunda Bankning mamlakatimizdagi loyihalar portfeli 4 milliard yevrodan oshmoqda. YTTB moliyaviy koʻmagida aholi farovonligini oshirish va yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha muhim loyihalar amalga oshirilyapti.

Oʻzbekiston bankning beshta asosiy hamkori qatoridan joy oldi, yillik investitsiyalar hajmi boʻyicha mamlakatimiz YTTBning Markaziy Osiyodagi eng yirik biznes sherigiga aylandi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston bilan YTTB oʻrtasida amalga oshiriladigan qoʻshma tashabbuslarning yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Xususan, bankning Oʻzbekistonga oid strategiyasi doirasida yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb qilish, innovatsiyalarni, biznes va tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashishga alohida eʼtibor qaratgan holda ularni qoʻllab-quvvatlash dasturini ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Shuningdek, gender tengligi masalalari davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi ekanligidan kelib chiqib, YTTB bilan birgalikda qishloq ayollarini kasb-hunarga oʻrgatish, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish boʻyicha hamkorlik istiqbollari koʻrib chiqildi.

O. Reno–Basso YTTBning kuni kecha tasdiqlangan 2024-2029-yillarga moʻljallangan mamlakatimizga oid strategiyasi Oʻzbekiston 2030 strategiyasiga toʻliq mos kelishi, unda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilab berilgan iqtisodiyotni yashillashtirish, inklyuzivlik va gender tengligi va raqamlashtirish kabi ustuvor yoʻnalishlar aks etganini alohida taʼkidladi.

Uchrashuvda Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki oʻrtasida Oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Memorandum ayollarning mehnat bozorida imkoniyatlarini kengaytirish, bandlik sohasida gender muvozanatiga erishish, kredit resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini oshirish va moliyaviy mustaqillikni oshirishni taʼminlashni nazarda tutadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер