Oliy Bosh Qoʻmondon qoʻshinlarning taktik oʻquvini kuzatdi

21:47 13 Mart 2023 Siyosat
1372 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrugi “Termiz” dala oʻquv maydonida Mudofaa vazirligi qoʻshinlarining batalon taktik oʻquvini kuzatdi.

Soʻnggi yillarda Qurolli Kuchlarimiz tubdan isloh qilinib, qoʻshin turlarining qoʻllanilish taktikasi va strategiyasi takomillashtirildi. Boʻlinmalarning hamkorligini tashkil etish, jangovar harakatlar va operatsiyalarni uchuvchisiz uchish apparatlari, aviatsiya va artilleriya imkoniyatlaridan kengroq foydalangan holda olib borishning zamonaviy tajribasi amaliyotga joriy etildi.

Xususan, bu jarayon guruh, vzvod va batalon taktik oʻquvlarida topshiriqlarni minimal yoʻqotishlar bilan bajarish, qurol-yarogʻ va harbiy texnikaning eng zamonaviy namunalarini qoʻllash, aviatsiya yordamida umumqoʻshin boʻlinmalariga madad berish, oʻtish qiyin boʻlgan togʻli va choʻl hududlarida, shahar sharoitlaridagi maxsus operatsiyalar, boʻlinmalarni evakuatsiya qilish kabi mashqlarda oʻz aksini topmoqda.

Ushbu mashgʻulotlar jahonda kuzatilayotgan harbiy harakatlar xususiyatidan kelib chiqqan holda oʻtkazildi.

Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni dala oʻquv maydonida harbiy xizmatchilar bilan olib borilayotgan 20 dan ortiq oʻquv joylaridagi jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan tanishdi. Shuningdek, dala sharoitida mobil texnik-taʼmirlash zavodining imkoniyatlari, qoʻmondonlik boshqaruv punkti faoliyati koʻzdan kechirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan soʻngi olti yil davomida Mudofaa tizimidagi barcha dala oʻquv maydonlari, harbiy qism va muassasalarda xalqaro talablar asosida qurilish va taʼmirlash, zamonaviy vositalar bilan jihozlash ishlari olib borildi.

“Termiz” dala oʻquv maydonida ham Qurolli Kuchlar shaxsiy tarkibining dala sharoitida jangovar bilim, koʻnikma va ruhiy tayyorgarligini oshirish, taktik oʻquvlarni oʻtkazish hamda harbiy sanʼat sohasida izlanishlar olib borish, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini oshirishga qaratilgan eng ilgʻor sharoitlar yaratildi.

Davlatimiz rahbari ushbu sharoitlarni koʻzdan kechirdi.

Shu yerda batalon taktik guruhi shaxsiy tarkibi bilan muloqot boʻldi. Prezidentimiz dunyoda axborot xuruji tobora avj olayotgan bugungi kunda Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini yanada mustahkamlash, xalq va armiya birdamligini taʼminlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash harbiy sohadagi islohotlarning oʻzagini tashkil etishi kerakligini taʼkidladi.

Prezident qoʻshinlarning jangovar qobiliyati va tayyorgarligini muntazam oshirib borish yuzasidan mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер