“Oksford bilan ilmiy sohadagi hamkorlik mustahkamlanyapti”

10:52 29 Iyun 2018 Jamiyat
1639 0

Ushbu sarlavha ostida jahonning eng nufuzli ta’lim muassasalaridan biri — Oksford universitetining Islom tadqiqotlari markazi nashrida maqola e’lon qilindi.

Nashrda yozilishicha, joriy yilning mart oyida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi vakillaridan iborat delegatsiya Buyuk Britaniyaga safar uyushtirib, Oksford islom tadqiqotlari markazi bilan ilmiy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

Ta’kidlash kerakki, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi asosida buyuk allomalarimiz merosini tadqiq etish, tabarruk qadamjolarini obod qilish hamda diniy-ma’rifiy sohada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni xalqimiz, xususan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha tizimli ishlar bajarilayotir. Shu bois o‘tgan qisqa vaqt mobaynida dunyoning yirik ilmiy-tadqiqot markazlari, madaniy muassasalar ushbu sohada O‘zbekistondagi markazlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istagini bildirdi.

Tashrif davomida Buyuk Britaniya ilmiy doiralariga O‘zbekistonning islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi, mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar, qadimiy va betakror zaminimizning ziyorat turizmi yo‘nalishidagi salohiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar, taqdimot hamda ko‘rgazmalar tashkil etildi.

Oksford islom tadqiqotlari markazi direktori Farhan Nizomiy O‘zbekistondagi islomshunoslikka oid ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikdan manfaatdor ekanini ta’kidlab, birgalikda kataloglar nashr qilish, qadimiy qo‘lyozmalar ustida ilmiy izlanishlar olib borilishini qayd etgan.

Shubhasiz, yetakchi xalqaro ilmiy markazlar bilan hamkorlik O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatining rivojlanib borayotganidan, O‘zbekistonning ushbu sohadagi islohotlari jahon miqyosida o‘z e’tirofini topayotganligidan dalolat beradi.

Maqsud JONIXONOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер