“Oʻxshashi yoʻq bu goʻzal boʻston”

17:07 30 Yanvar 2025 Jamiyat
664 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Zomin deganda koʻz oʻngimizda viqorli togʻlar, koʻm-koʻk yastanib yotgan adirlar, iqlim sharoiti va sof havosi bilan eʼtiborimizni tortgan sehrli oʻlka keladi. Zomin atamasi faqat zominliklar uchun emas, hamma uchun qadrli. Jizzaxning oʻtlugʻ shoiri Hamid Olimjon mazkur misralarni yozganda naqadar haq edi:

Oʻxshashi yoʻq bu goʻzal boʻston,

Dostonlarda bitgan guliston.

Oʻzbekiston deya atalur,

Uni sevib el tilga olur...

Zomin togʻlarini makon tutgan yuz yillik archalar Jizzax viloyatining koʻrku saxovatidan nishona. Mutaxassislar aytishicha, bir tup archa tomirlari atrofida 2 tonnagacha suv toʻplanar ekan. Qolaversa, bu daraxt sutkasida bir qishloqqa yetgulik kislorod ishlab chiqaradi. Dengiz sathidan 2400 metr balandlikda joylashgan 27 ming gektarlik archazorlar hudud havosini kislorod bilan muttasil toʻyintiradi. Archalardan ajraladigan efir bronxial astma, tomoq ogʻrigʻi hamda qator allergik kasalliklarga davo hisoblanadi. Shundan shaharning shovqinli, biroz xiralashgan havosidan yoki umuman dunyo tashvishlaridan xoli boʻlish niyatida yurtdoshlarimiz Zominga keladi. Zomin togʻlari etagida koʻplab sanatoriylar, yozgi bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, dam olish maskanlari faoliyat koʻrsatmoqda. Yaʼni, xizmat koʻrsatish sohasida yaxshigina raqobat yuzaga kelgan. Tabiiyki, hududda huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Yaqin yillarda atrof muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi munosabatlarni bevosita tartibga soluvchi oʻn beshdan ziyod qonun loyihalari qabul qilindi.

Zomin davlat qoʻriqxonasi 500 dan 2,5 ming yoshgacha boʻlgan noyob tabiiy archazorlarni va archazorlardagi hayvonot hamda oʻsimlik dunyosini asrash maqsadida 1928-yil Turkiston togʻ tizmasida “Zomin togʻ archazorlari” Davlat qoʻriqxonasi tashkil etilgan. Oradan 68-yil oʻtib 1994-yil 7-oktyabrdagi “Zomin davlat qoʻriqxonasi hududiy kengaytirish va uni qoʻriqlashni kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qaroriga asosan qoʻriqxona hududining aniq chegaralari belgilandi.

— Qoʻriqxona hududida faqatgina kuzatuv va ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishga ruxsat etiladi, — deydi Zomin davlat qoʻriqxonasi ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Quvonchbek Tratov. — Bu yerda boshqa, aytaylik, yilning har qanday faslida ham qushlar, sudralib yuruvchi, sut emizuvchi, yovvoyi hayvonlarni va umuman qoʻriqxonada yashayotgan har qanday jonzotlarni ov qilish, turli-tuman giyoh va oʻsimliklarni yigʻish-terish, daraxt, ayniqsa, archalarni kesish, hatto turli koʻchat va ekinlarni ekish ham, tadbirkorlik faoliyatini olib borish ham mutlaqo taqiqlanadi. Hozirgi paytda qoʻriqxona hududida baliqning bitta turi, yaʼni qora baliq, amfibiyalarning 2 turi, sudralib yuruvchilarning 14 turi, qushlarning 102 turi, sut emizuvchilarning 30 turi mavjud.

Oʻzbekiston va xalqaro “Qizil kitob”ga kiritilgan qor qoploni, Tyan-Shan qoʻngʻir ayigʻi, Turkiston silovsini, ilvirs, Seversov qoʻyi (olqor), sibir togʻ echkisi, qora grif, qora laylak, soqolli kalxat, burgut, pakana burgut, oqboshli kalxat, lochin va qizilboshli lochin kabi hayvon va qushlar qoʻriqxona hududida bexavotir yashamoqda. Ulardan tashqari boʻri, tulki, yovvoyi toʻngʻiz, tasqara, jayra, quyon kabi hayvonlar, koʻplab chumchuqsimon qushlar ham davlat muhofazasiga olingan. Qoʻriqxona nazoratchilari tomonidan bir yilda ikki marta — kuzgi va bahorgi hisobot ishlari olib boriladi.

Qish erta keladigan togʻli hududlarda yashovchi hayvonlar gohida ozuqa topolmay nobud boʻladi. Ularni asrab qolish uchun qoʻriqxona xodimlari aksariyat hollarda oʻtxoʻr jonivorlar uchun yem-xashak, parrandalarga don qoʻyib ketadi. Yil davomida hayvonlarning yashash tarzi, oziqlanishi, koʻpayishi boʻyicha ilmiy-amaliy ishlar olib boriladi. Shu sababli ular yuradigan soʻqmoqlar, archazorlarga fotoqopqonlar oʻrnatilgan. Kechayu kunduz ularning harakatlari kuzatiladi.

Oʻtgan yilning dekabrida fotoqopqonga togʻ suvsari “tushdi”. Aslida Zomin qoʻriqxonasida suvsar borligini hech kim bilmasdi. Qoʻriqxona hududida hayvonlarning yangi turi borligi aniqlandi. Qoʻriqxona xizmatchilarining vazifalari yanada koʻpaydi. Qoʻriqxonada milliy boyliklarimiz muhofazaga olingan. Ularni asrab kelajak avlodga yetkazish, ekologik muammolarni bartaraf etishga hissa qoʻshishga barchamiz burchlimiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер