Oilaviy tadbirkorlikni yanada ragʻbatlantirish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻlami kengaytiriladi
Foto: president.uz
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oʻtayotgan videoselektor yigʻilishida kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash va kichik biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha 2023-yil uchun rejalar muhokama qilinmoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Prezident oilaviy tadbirkorlikni yanada ragʻbatlantirish maqsadida moliyaviy koʻmak koʻlami kengaytirilishini taʼkidladi. Jumladan, 2023-yilda:
— tadbirkorlar faoliyatini kengaytirish uchun kredit miqdori amaldagi 225 million soʻmdan 300 million soʻmgacha oshiriladi;
— dehqon xoʻjaliklariga garovsiz kredit miqdori 50 million soʻmgacha oshiriladi (amalda 33 million soʻm);
— avval oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida kredit olib, yaxshi natija koʻrsatgan tadbirkorlar ushbu dasturlar doirasida yana imtiyozli kreditlar olishi mumkin boʻladi (hozir faqat bir marta olish mumkin);
— yangi kreditlar olgan fuqarolar oʻzini oʻzi band qilganlar uchun berilgan imtiyozlardan foydalanadi;
— kreditlarning bir qismini plastik kartaga olishga ruxsat beriladi.
2023-yilda oilaviy tadbirkorlik dasturiga 12 trillion soʻm beriladi (2022-yilda – qariyb 10 trillion soʻm). Prezident yaqinda imzolagan qarorga koʻra, oilaviy tadbirkorlikka qoʻshimcha 300 million dollar ajratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring