Oilaviy munosabatlarga darz ketmasin, aks holda...
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Oila va ayollar masalalari komissiyasi tomonidan Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi bilan hamkorlikda “Pandemiya davrida oilada sogʻlom muhitni saqlash: muammolar va yechimlar” mavzuida onlayn videomuloqot shaklida davra suhbati oʻtkazildi.
Taʼkidlab oʻtilganidek, oila har birimizning hayotimizda muhim oʻrin tutadi. Chunki ushbu muqaddas dargohda ulgʻayamiz, kamol topamiz, oʻzligimizni anglab yetamiz. Shu bois, mamlakatimizda oilalarni har jihatdan qoʻllab-quvvatlash, ayniqsa, hozirgi murakkab sharoit — koronavirus pandemiyasi davrida ulardagi sogʻlom muhitni asrashga yana-da jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Bu bejiz emas. Chunki insonlar pandemiya sababli, oilada koʻp vaqtini oʻtkazmoqda. Bu esa oila aʼzolari orasidagi munosabatlarni aksariyat hollarda yaqinlashtirishga xizmat qilsa, ayrim holatlarda chigallashtirib yubormoqda.
Videomuloqotda oilaviy munosabatlar, kundalik hayotda uchraydigan kelishmovchiliklar, qaynona-kelin munosabatlari, yigit va qizlarni oilaviy hayotga tayyorlash masalalari xususida soʻz yuritildi. Qayd etilganidek, oiladagi nosogʻlom muhit nafaqat huquqbuzarliklar, balki ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarning sodir etilishiga ham sharoit yaratishi mumkin. Keyingi vaqtlarda mamlakatimizda oilaviy munosabatlar chigallashishi oqibatida turli koʻngilsiz holatlar roʻy berayotgani bunga yaqqol misoldir. Bunday holatlarning oldini olish uchun mutasaddi tashkilotlar doimiy va uzviy hamkorlikda ish olib borishi zarur. Shu bilan birga, joylarda ushbu yoʻnalishda targʻibot ishlarini yana-da kuchaytirish lozim.
Tadbirda yana bir muhim masala — oilaviy zoʻravonlik, uning oqibatlariga toʻxtalib oʻtildi. BMT maʼlumotlariga koʻra, oilaviy zoʻravonlikdan aziyat chekkan ayollardan boʻlgan telefon qoʻngʻiroqlari oʻtgan yilga nisbatan 60 foizga oshgan. Ishonch telefonlariga qoʻngʻiroqlar besh barobar koʻpaygan. Oilaviy zoʻravonlikdan nafaqat ayollar, balki bolalar va qariyalar ham aziyat chekmoqda. Bu haqdagi maʼlumotlar Yevropaning koʻplab davlatlaridan olinmoqda. BMT Fondining sharhlarida keltirilishicha, koronavirus sababli izolyatsiya choralari yana yarim yil uzaytirilsa, dunyoda yana 30 million atrofida zoʻravonlik holatlari qayd etilishi mumkin.
Davra suhbatida oilaviy munosabatlarni mustahkamlash, turli koʻngilsiz holatlarning oldini olish boʻyicha ishlarni tizimli tashkil etish zarurligi taʼkidlandi. Hududlarda muammoli oilalarga tezkor va sifatli yordam koʻrsatish choralari koʻrilishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring